Fevralda Turkiyada sodir bo‘lgan dahshatli zilzilalar va mart oyida o‘zbekistonliklarga ham sezilgan Afg‘oniston va Tojikistondagi yerosti silkinishlari aholining ushbu tabiat hodisasidan qo‘rquvini kuchaytirdi. Bo‘lajak kuchli zilzilalar haqidagi yolg‘on axborotlar esa aholining xavotirini battar kuchaytirmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi va seysmologlar tomonidan berilayotgan raddiyalarga qaramay, bunday mish-mishlar baribir tarqalmoqda.

“Gazeta.uz” muxbiri Jahongir Azimov Seysmologiya instituti olimlari — fizika-matematika fanlari nomzodi Alisher Ibrohimov va fizika-matematika fanlari doktori Ahmadjon To‘ychiyev bilan suhbatlashib, ulardan nima afsonayu va nima haqiqat ekanini so‘rab bildi.

Bayonot: Yer “yorilib”, binolar va odamlarni yutib yuboradi

A.I.: Tarixda yer yorilib, uning ichiga binolar qulashi kabi holatlar kuzatilmagan. To‘g‘ri, 1985-yilgi dahshatli Mexiko zilzilasida ayrim binolarning birinchi qavatlari yerga botib qolgan. Biroq bunda Meksika poytaxti qurigan ko‘lning tubida qurilganini, shahar tuprog‘i mayda dispersli qumdan iborat ekanini ham hisobga olish kerak.

Seysmologiyada tuproqning seysmik suyuqlanishi degan tushuncha mavjud. Bu shunday tushuntirish mumkin: agar tog‘orani qum bilan to‘ldirib, ichiga tosh qo‘yib, tog‘ora silkitilsa, tosh qumga botib ketadi. Mexikodagi ko‘p qavatli binolarning birinchi qavatlari ham, xuddi tog‘oradagi tosh kabi, qumga kirib ketgan, ammo bu hodisa yorilish zonasida sodir bo‘lmagan.

A.T.: Aytaylik, binoning kengligi 20 metr. Yer qobig‘i 20 metrga ochilib, binoni yutib yuborgan holat tarixda bo‘lmagan.

Bayonot: Birinchi zilziladan keyin albatta ikkinchi — kuchliroq zilzila bo‘ladi.

A.T.: Seysmologiya tarixida bunday holatlar kuzatilgan. Ba’zi katta zilzilalar oldidan kichikroq magnitudaga ega zilzilalar bo‘lgan. Seysmologiyada bu forshok deyiladi. Kuchli zilziladan oldin ayrim hududlarda kichik zilzilalar soni ortishi mumkin.

Tasavvur qiling, plitalarning bir-biriga nisbatan harakati bor, katta miqdordagi tarang energiya to‘planadi. Zilzila o‘choqlari yuzaga kelishining oxirgi bosqichida yer qobig‘ida kichik yorilishlar sodir bo‘ladi. Bu sezilarli zilzila shaklida namoyon bo‘ladi, uning ketidan esa asosiy zilzila yuz beradi.

zilzila, сейсмология instituti

2023-yil mart oyi oxirlarida Tojikistonda yuz bergan zilzila oqibatlari. Foto: Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimligi

A.I.: Har doim bunday bo‘lmaydi. Shuni tushunish kerakki, zilzilalar — tektonik plitalar harakati mahsulidir. Masalan, [shunday harakatlar natijasida] tog‘lar hosil bo‘ladi.

Zilzila qanchalik kuchli bo‘lsa, u shunchalik uzoqroq vaqt “tayyorlanadi”. Bunday tayyorgarlik maxsus qurilmalar tomonidan qayd etiladigan, lekin odamlar sezmaydigan tektonik plitalarning ishqalanishi hisobidan amalga oshadi. Bunday mikrozilzilalar natijasida bo‘lajak seysmik faollik o‘chog‘ida energiya otilib chiqadi. Shunday qilib, 7−7,5 magnitudali zilzilalar 20−25 yil davomida “tayyorlanadi”.

Ammo qisqa vaqtda sodir bo‘ladigan ketma-ket ikki kuchli zilzilaning o‘chog‘i bitta bo‘lmaydi. Biroq aftershoklar bo‘lishi mumkin. Bu bir qator seysmik to‘lqinlarning asosiy zilziladan keyin hosil bo‘ladigan energiyani chiqarishi hodisasidir. Turkiyada yaqinda ro‘y bergan zilziladan so‘ng mingdan ortiq aftershoklar sodir bo‘ldi.

Bayonot: Kuchsiz zilzilalar vayronkorlaridan qutqarishi mumkin

A.T.: Seysmik sukunat degan tushuncha bor — bu qaysidir hududda uzoq vaqt davomida zilzilalar sodir bo‘lmasligidir. Bunday hodisa seysmik energiyaning to‘planayotganidan — kuchliroq zilzilalarga “tayyorgarlik” ko‘rilayotganidan darak berishi mumkin. Kichik zilzilalar to‘plangan energiyaning kuchlanishini yengillashtirishi mumkin, degan nazariya mavjud. Ammo bu nazariya alohida holatlarda qo‘llanilishi kerak va uni umumlashtirish mumkin emas.

A.I.: Haqiqatan ham shunday nazariya bor, lekin unga ko‘p ham tayanib yubormaslik kerak, chunki kuchli zilzilalar vaqti katta miqdorda energiya ajralib chiqadi. To‘plangan buncha energiyaning kuchsiz faollik bilan chiqib ketishi uchun 10−15 mingta kichik zilzila kerak bo‘ladi.

Bayonot: Barcha zilzilalarni oldindan aytish mumkin

A. T.: Unchalik emas. Institutimiz oldiga seysmik xavfni baholash va rayonlashtirishning ilmiy asoslarini, zilzilalarni prognoz qilish usullarini ishlab chiqish asosiy vazifa qilib qo‘yilgan. Ya’ni Seysmologiya instituti seysmologiyaning fundamental va amaliy muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanadi.

Zilzilalarni bashorat qilish masalasida ma’lum bir muvaffaqiyatlar bor: zilzila o‘choqlarining hosil bo‘lish jarayonida yerning fizik maydonlarida, yerosti suvlarining kimyoviy va gaz tarkibida belgi beruvchi o‘zgarishlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu belgi beruvchi o‘zgarishlarning namoyon bo‘lish xususiyatlari aniqlangan. 1978-yilgi Oloy zilzilasi, 1982 va 1984-yillardagi Chimyon va Pop zilzilalari oldindan bashorat qilingan. Bu bashoratlarning barchasi ilmiy xususiyatga ega edi.

Hozir jahon seysmologiyasida zilzilani 100 foiz aniqlik bilan bashorat qilishning biror bir usuli yo‘q. Muammo shundaki, zilzila o‘choqlarining yuzaga kelish jarayonlari Yerning chuqur tubida sodir bo‘ladi. Ularni Yer yuzasidan bevosita kuzatish imkoni yo‘q. Shuning uchun olimlar zilzila o‘choqlarining yuzaga kelishi jarayonlarining xususiyatlarini yerning fizik maydonlarida kuzatib, o‘rganadi.

zilzila, сейсмология instituti

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Prognoz xulosalarning samaradorligi, xususan, tashkil etilgan seysmoprognostik monitoring tarmoq va maxsus uskunalarning sifatiga ham bog‘liq. Masalan, 5 magnitudali zilzilani bashorat qilish uchun stansiyalar orasidagi masofa 40−50 km bo‘lishi kerak. Magnituda qanchalik katta bo‘lsa, stansiyalar orasidagi masofa ham shunchalik uzoq bo‘lishi kerak.

Magnituda ballarda o‘lchanadimi?

A.I.: Yo‘q. Magnituda — o‘lchovsiz kattalik. U bilan zilzila vaqti o‘choqdan chiqqan energiya hajmi belgilanadi.

Ballarda esa yer sathidagi silkinish kuchi o‘lchanadi. Zilzila magnitudasi Rixter shkalasi bo‘yicha 1 dan 9,5 gacha (ball emas) bo‘lishi mumkin. Intensivlik (kuch) esa 12 ballik MSK-64 shkalasi yordamida o‘lchanadi.

Bayonot: Kuchli zilzilalar kechasi yoki erta tongda sodir bo‘ladi

A.I.: Tabiatga farqi yo‘q. Zilzilalar tunda yaxshiroq seziladi, chunki bu vaqtda odamlar kunduzidagi kabi faol emas.

Bayonot: Zilzilalar qishdan ko‘ra bahorda tez-tez yuz beradi

A.T.: Yo‘q, bu isbotlangan hodisa emas. Buni tasdiqlaydigan hech qanday statistik dalil yo‘q.

Bayonot: Zilzila payti yashirinish uchun eng yaxshi joy — eshik oralig‘i

A.I.: Bu haqiqat. Eshik oralig‘ida, xona burchaklarida yoki stol ostida saqlangan yaxshiroq.

Bayonot: Favqulodda vaziyatlarda ko‘p qavatli uylar aholisi ko‘chaga yugurib chiqqani ma’qul

A.I.: Yo‘q. Zinapoyalar — eng zaif joy. Zilzila vaqti birinchi navbatda ular qulaydi.

Bayonot: Hayvonlar zilzilani oldindan seza olishadi

A.I.: Agar ular yerda bo‘lsa. Ushbu nazariyaga ko‘ra, hayvonlar mikrotovushli tebranishlarni his qila olishadi.

Bayonot: O‘zbekistondagi so‘nggi zilzilalar Turkiyadagi zilzilalar tufayli sodir bo‘lgan

A.I.: Yo‘q. Bu hodisalar bir-biri bilan bog‘liq emas. O‘zbekiston Hindiston va Arab plitalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan Yevroosiyo plitasida joylashgan. Turkiya esa Onado‘li plitasida joylashgan — bu boshqa seysmologik zona.