7-aprel kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2022-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, oliy darajadagi tadbirlar va diplomatik munosabatlar doirasida savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarga oid 365 ta ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hujjat imzolangan. Xususan, 2022-yilda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq mahalliy mahsulotlar jahonning 47 mamlakatiga eksport qilingan.

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrom A’loyevning so‘zlariga ko‘ra, yil davomida xorijdagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 276 846 ta konsullik operatsiyasi amalga oshirilgan. Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan buyon respublikaning 6030 nafar fuqarosi maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan.

Majlis davomida senatorlar investitsiyalarni jalb qilish, eksportni rivojlantirish va hududlararo hamkorlik hamda turizmni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalarga qaramay, bu sohada hal etilmagan ayrim muammolar saqlanib qolayotganini tanqid qilgan.

Foto: Senat matbuot xizmati

Xususan, hududlarda resurslarni tejovchi texnologiyalarni jalb qilish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator diplomatik vakolatxonalar yetarli darajada faoliyat ko‘rsatmayotgani ta’kidlangan.

“Sohada mavjud muammolarni o‘z vaqtida, samarali hal etish orqali bunday natijalar salmog‘ini yanada oshirish mumkin. Ayniqsa, mintaqalararo hamkorlik va shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini rivojlantirish orqali hududlarimiz rivojiga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz. O‘z o‘rnida shuni ham aytish kerakki, mazkur yo‘nalishda TIV bilan birgalikda hududlarning o‘zi ham birdek mas’ul”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.