O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 6-aprel kuni ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qonunni ma’qulladi. Senat raisi Tanzila Narbayeva parlament yuqori palatasi yalpi majlisida so‘zga chiqib, buni uzoq kutilgan va ilg‘or, deb atadi va uni qabul qilishdagi qiyinchiliklarni qayd etdi.

“Bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalasining bugun qanchalik dolzarb ekanini, o‘ylaymanki, ortiqcha izohlash, asoslashga hojat yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, olib borilgan keng ko‘lamli tahlilning ayrim ma’lumotlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman”, — dedi u.

U bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021−2022-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan, ularning qariyb 61 mingdan ko‘pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan.

“Afsuski, shu kungacha O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik bo‘yicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma bo‘lmagan”, — dedi Senat rahbari.

Uning ta’kidlashicha, 2020-yilda 156 ta, 2021-yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir etilgan.

“[Toshkent shahri] Yangixayot tumanidagi 12 yoshli qizning zo‘rlanishi va o‘ldirilishi, Xorazmdagi bolalar uyi (u yerda uch nafar qiz mansabdor shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangan — tahr.), Sergeli tumanida ona uch farzandi bilan yuqori qavatdan sakrashi…”, — deya sanab o‘tdi Tanzila Narbayeva.

“Xulosa shuki, jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan hamda voyaga yetmagan farzandlarimizga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qat’iy qonunlarga ehtiyoj bor”, — deydi u.

“Bugun biz ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunni tasdiqladik. Qonun ustida ish yil davomida davom yetdi, qiyinchiliklar va qarama-qarshiliklar bo‘ldi. Ishonch bilan ayta olamanki, qonunimiz ilg‘or va xalqaro standartlarga javob beradi”, — dedi Senat raisi.

“Qonun bilan oiladagi zo‘ravonlik holatlarini kriminallashtirish nazarda tutilgan. Ayollarni jinsiy zo‘ravonlik va ta’qib qilish uchun javobgarlik belgilanadi”, — dedi Tanzila Narbayeva.

“Bezorilik va zo‘ravonlik qurboniga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha sud tomonidan 1 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga himoya orderi berilishi belgilandi. Himoya orderi bilan qo‘shimcha cheklov turlari ham joriy etiladi”, — dedi u.

Bundan buyon jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mumkin emas.

Endilikda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qo‘llagan holda sodir etilgan jinoyat og‘ir deb hisoblanadi. Ayblanuvchining jabrlanuvchining yoshini bundan buyon bilmasligi uni javobgarlikdan ozod etmaydi.

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga bolalar bilan ishlash taqiqlanadi. Ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ro‘yxatini (reyestrini) joriy etish tartibi belgilanmoqda, dedi senator.

Tanzila Narbayeva ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishning yagona yo‘li qonun va mas’uliyatni kuchaytirish bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi.

“Bu normalar odamlarning tafakkuri va xotirasi bilan birga yuragidan ham joy olishi kerak. Katta-kichik, ayol-erkak bo‘lsin — insonga, shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qilish, uni tahqirlash, haq-huquqini poymol qilish aslo toqat qilib bo‘lmaydigan holat, og‘ir jinoyat ekani odamlarning ongiga chuqur o‘rnashsagina natija kutilganidek bo‘ladi”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu nafaqat huquq-tartibot idoralari yoki ta’lim muassasalarining ishi, balki “Bu bizning umumiy vazifamiz bo‘lishi kerak”.

Tanzila Narbayeva Oliy sudga ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar va jinoyatlar bo‘yicha sud amaliyotini umumlashtirish bo‘yicha tavsiya berilganini ma’lum qildi. Shuningdek, u Oliy sud yangi o‘zgartishlarni sud amaliyotida to‘g‘ri qo‘llashga qaratilgan plenum qarorini qabul qilishi zarurligini ta’kidladi.

Senat rahbari Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga oilada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, surishtiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash borasidagi ishlarni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Tanzila Narbayeva nutqi so‘ngida qonun loyihasi ustida ishlagan Senat huzuridagi ishchi guruh a’zolari, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va barcha befarq bo‘lmagan fuqarolarga o‘z minnatdorligini bildirdi.