5-aprel kuni 2023−2026-yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, mazkur hujjat Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE), YUNISEF hamda milliy va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlab chiqildi.

Shu vaqtga qadar ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar o‘rtasida harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘lmagani bois yo‘l xaritasini ishlab chiqishga zaruriyat tug‘ilgan. Endilikda mazkur yo‘l xaritasi 54 ta hamkor tashkilotni birlashtirib, ta’lim sektoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun aniq dastur o‘rnini ta’minlaydi. Ushbu hujjat etika, vijdon, korrupsiyaga qarshi kurash, adolat va inson huquqlarini amalga oshirish tamoyillariga asoslanadi.

Taqdimot marosimida hamkor tashkilotlar yo‘l xaritasini tadbiq etish bo‘yicha majburiyatlarini, jumladan, keyingi 3 yil davomida ta’lim sohasini takomillashtirishga 580 million dollardan ortiq sarmoya kiritilishni tasdiqladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Laziz Xo‘jaqulovning aytishicha, yo‘l xaritasi uch oy davomida ishlab chiqilgan. Mazkur jarayonda O‘zbekistondagi deyarli barcha xalqaro tashkilotlar va mamlakatdagi o‘nlab vazirliklar rahbariyati bevosita ishtirok etgan.

“Xalqaro tashkilotlar bilan birga ishlab chiqilgan mazkur yo‘l xaritasi Markaziy Osiyoda birinchisi hisoblanadi. Bu jarayonda hammaning ovozi tinglandi: o‘quvchilar, o‘qituvchilar, vazirliklar va xalqaro hamkorlar ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi”, — dedi vazirlik vakili.

unicef, usaid, maktabгача va maktab ta’limi vazirligi, ta’lim bo‘yicha yo‘l xaritasi

Laziz Xo‘jaqulov.

Uning aytishicha, yo‘l xaritasi asosida maktablarni qayta qurish, ta’mirlash va infratuzilmasini yaxshilash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlash, o‘quvchilar bilimini baholashning adolatli va xolis tizimini ishlab chiqish, ta’lim tizimidagi boshqaruvga e’tibor qaratish, ya’ni maktab direktoridan to vazirlik xodimigacha bo‘lgan boshqaruv kadrlarining salohiyatini oshirish maqsad qilingan.

“2023−2026-yillarda har bir maktabda quyosh panellarini o‘rnatish, o‘quvchilar uchun sanitar texnik sharoitlar yaratish shart qilib belgilanmoqda”, — dedi Laziz Xo‘jaqulov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom taraqqiyot banki maktablar qurilishi uchun 160 million dollar ajratishni, Ta’lim bo‘yicha global hamkorlik (GPE) tashkiloti esa 40 million dollar grant berishini ma’lum qilgan.

“Hozirgi kunda bizga umumiy 280 million dollar mablag‘ taklif qilindi. Bu pullarni yo‘nalishlar bo‘yicha saraflab, natijasini ko‘rsatganimiz sari xalqaro moliyaviy ko‘maklar ortib boraveradi. Hukumat va vazirlik nuqati nazaridan qanchalik ishonchli hamkor sifatida ko‘rsata olsak, xalqaro hamkorlar bizga shuncha investitsiya kiritadi. Xalqaro tashkilotlar tomonidan ta’limga berilayotgan moliyaviy ko‘mak: grant va investitsiyalar aynan shu yo‘l xaritasida belgilangan maqsadlarga yo‘naltiriladi. Qisqasi, 2026-yilga qadar tazimdagi qaysi nuqtalarga mablag‘ sarflanishini va bu natijada bizga nima berishini aniq belgilaydigan tizim yaratildi”, — dedi vazirlik vakili.

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Mereditning qayd etishicha, USAID bu borada Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini qo‘llab-quvvatlashidan faxrlanadi.

unicef, usaid, maktabгача va maktab ta’limi vazirligi, ta’lim bo‘yicha yo‘l xaritasi

Mikaela Meredit.

“Yo‘l xaritasiga sarmoya kiritish AQSh hukumatining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Biz O‘zbekiston hukumati va hamkorlar bilan sifatli va teng huquqli ta’limni ta’minlash, qashshoqlikni kamaytirish, salomatlik, tinchlik, farovonlik, barqarorlikni yaxshilash muhim ekanini tushunamiz”, — dedi u.

Uning ma’lum qilishicha, USAID 2019-yilda birinchi marta O‘zbekiston hukumati bilan ta’lim sohasini rivojlantirish maqsadida shartnoma imzolagan.

Shartnoma doirasida 55 mln dollar mablag‘ ajratilishi reja qilingan. Shu kungacha bu mablag‘ning 35 mln dollarini ajratdik. Bu summa 2 ta muhim tashabbus uchun yo‘naltirildi. Birinchisi — o‘quvchilarning IT, ingliz tili, o‘qish va matematika ko‘nikmalarini yaxshilash uchun ishlatildi. Ikkinchisi esa 10 mln dollarlik loyiha bo‘lib, o‘quvchilarni maktabni tamomlaganidan so‘ng, ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Bu loyihamiz asosan, qizlarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga yo‘naltirishga qaratilgan”, — dedi Mikaela Meredit.

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzadening aytishicha, mazkur yo‘l xaritasi nima qilish kerakligi haqidagi deklaratsiya emas. Unda har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq ko‘rsatkichlar qayd etilgan.

unicef, usaid, maktabгача va maktab ta’limi vazirligi, ta’lim bo‘yicha yo‘l xaritasi

Munir Mamedzade.

“Xususan, ta’lim muassasalariga sarmoya kiritish, maktab va bog‘chalar qurilishini amalga oshirish hamda mavjud infratuzilmani yaxshilash nuqtai nazaridan infratuzilma ehtiyojlarini belgilab beradi. Mamlakatda ta’mirlatab maktab va bog‘chalar ko‘pligini bilamiz. Bolalar bugungi mehnat bozorida talab qilinadigan ko‘nikmalarni egallashi uchun sharoitlar, jumladan, kompyuter texnikasi, laboratoriya jihozlari yetishmaydi. Bular ko‘proq infratuzilmaviy xarakterga ega. Bilamizki, nogironligi bo‘lgan bolalar umumiy ta’lim tizimidan uzilib qolgan. Ushbu qo‘shma tashabbuslar orqali biz sohada taraqqiyotga erisha olamiz”, — dedi YUNISEF vakili.

Uning qayd etishicha, yo‘l xaritasi hamkorlari hisoblangan xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda ta’lim tizimi bir kechada Finlyandiya, Fransiya yoki boshqa mamlakatdagidek bo‘lib qolishini kutmayapti.

Rivojlanish — bosqichma-bosqich kechadigan jarayon. Ammo 2030 yoki 2050-yillarni kutib o‘tirishimiz ham shart emas. Bu esa ishlarni bugun boshlash kerakligini anglatadi. Ko‘plab tashabbuslar boshlanib ham bo‘ldi. O‘qituvchilarning malakasini oshirish, ta’lim va darsliklarni takomillashtirish bilan bog‘liq komponentlar mavjud. Va, eng muhimi, maktablarga ham ko‘proq mustaqillik berish, o‘zini o‘zi boshqarish modellarini ishlab chiqish kerak, deb hisoblaymiz. Biz faqatgina belgilangan barcha yo‘nalishlar ustida samarali ishlash orqali kutgan narsamizga erishimiz mumkin”, — dedi u.

Materialni Mirolim Isajonov tayyorladi, тасвирчи va montajchi Ma’murjon Obrahmatov, rasmlar muallifi Yevgeniy Sorochin.