1-maydan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan O‘zbekiston fuqarolari bir qator iste’mol tovarlarini xarid qilishda QQS to‘lovini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi. Bu prezidentning 5-apreldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan jismoniy shaxslar quyidagi ro‘yxatga muvofiq tovarlarning chakana savdo obyektlarida xaridini amalga oshirganda xarid summasining 1 foizi miqdoridagi to‘lov o‘rniga, xarid summasida to‘langan QQS summasi qaytariladi.

Soliq qo‘mitasining tushuntirishicha, QQSni qaytarib olish uchun “Ijtimoiy himoya yagona reestri”dagi iste’molchi Soliq mobil ilovasini yuklab olib, Face ID orqali ro‘yxatdan o‘tishi hamda ilovada xarid chekining QR-kodini skaner qilishi lozim.

QQSni qaytarishda sotib olingan mahsulotning:

  • QQS qaytariladigan mahsulotlar ro‘yxatiga kirganligi;
  • xaridor “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” da ekanligi;
  • tadbirkor QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi inobatga olinadi.

Agar reyestrdagi iste’molchi QQS qaytariladigan mahsulotlar bilan birga boshqa turdagi mahsulotlarni xarid qilib chekni ro‘yxatdan o‘tkazganda QQS qaytariladigan mahsulotlar uchun 12%, boshqa turdagi mahsulotlar uchun 1% keshbekka ega bo‘ladi.

QQS to‘lovchisi bo‘lmagan tadbirkorlik subyektidan QQS qaytariladigan mahsulotlar sotib olganda, 1% keshbek qaytariladi.

QQS summasi chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan oydan keyin oyning 25-sanasidan so‘ng Soliq mobil ilovasi orqali to‘lab beriladi.

2022-yil yozida iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov QQS bo‘yicha imtiyozlar “hech qanday” samara bermasligi, ularni uzaytirish iqtisodiyotga zarar yetkazishini aytgan edi. Shuningdek, u go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga QQSning nolga tenglashtirilgani sababli umumiy ovqatlanish sohasida soliq zanjiridagi uzilishlarni tan oldi. O‘shanda Dilshod Sultonov yanada manzilli QQS imtiyozlari ishlab chiqilishini e’lon qilgandi.

Vazir o‘rinbosari yaqinda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida tabaqalashtirilgan stavkalarni belgilash yoki QQSdan ozod qilish tovar (xizmat) tannarxini pasaytirish uchun samarasiz chora ekanligini, chunki ulardan ko‘proq katta miqdorda iste’mol qiluvchilar foyda ko‘rishini ma’lum qilgan edi.

“Boy fuqarolar kam daromadli fuqarolarga qaraganda ko‘proq iste’mol qilishlari sababli, ular QQS bo‘yicha imtiyozlardan foydalanishadi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga QQSdan ozod qilish yo‘li bilan emas, balki kompensatsiya to‘lash yo‘li bilan manzilli yordam ko‘rsatish ularni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlaridan biri hisoblanadi.