O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 3-apreldagi qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga shaharlarda transport vositalarining ruxsat etilgan maksimal tezligiga oid o‘zgartirishlar kiritildi.

Endi Yo‘l harakati qoidalarining 78-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Nukus va Toshkent shaharlarida, viloyatlar va tumanlarning markazlarida, shuningdek shaharlar hududlarida transport vositalarining tezligini soatiga 60 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”.

Xuddi shu bandning birinchi xatboshisi avvalgi tahrirda saqlanib qoldi:

“Aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetmasdan va o‘tib ketib 300 metrdan kam masofada soatiga 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi”.

Eslatib o‘tamiz, muhokamaga qo‘yilgan 2023-yilgi davlat dasturiga muvofiq, 1-iyundan boshlab respublikaning barcha aholi punktlarida transport vositalari harakatlanishining eng yuqori tezligi soatiga 60 kilometrgacha tushirilishi ko‘zda tutilgandi.

Shuningdek, 17-yanvar kuni yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bayoni bilan Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar va viloyatlarning ayrim hududlarida transport vositalarining harakat tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilangan (hududlar ro‘yxati).

Yo‘l-transport hodisalari yiliga 4 mingga yaqin o‘lim holatlari bilan yakunlanadi. Tahlillarga ko‘ra, tezlikni 10 kilometr soatga tushirish o‘lim holatlarini kamida 15 foizga kamaytirishga olib keladi.

Masalan, Toshkent shahrida 2022-yilda 1200 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan, bu 2021-yildagi holatlardan (1073) qariyb 130 taga ko‘p. Ushbu davrda yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘lganlar soni 136 nafarini tashkil etadi.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi Toshkentning Kichik halqa yo‘li ichidagi hududlarda transportlarning harakat tezligini 70 kmdan 60 kmgacha pasaytirishga oid qarorni qabul qilgan.