Navoiy viloyatidagi maktablarning birida direktor o‘qituvchilarning har biridan Open budget loyihasi uchun 100 tadan ovoz yig‘ishni talab qilgani aytilgan audioxabar tarqaldi.

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu ovozli xabar Navbahor tumanida joylashgan 9-maktab direktori D.Turobovaga tegishli.

“Holat boshqarma boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi U.Tillayev tomonidan tegishli mas’ullar bilan birgalikda zudlik bilan atroflicha o‘rganib chiqildi. Direktorga nisbatan ish beruvchining tegishli buyrug‘iga asosan belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasi qo‘llandi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hozirda holat vakolatli organlar tomonidan direktorning xatti-harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida o‘quvchilari “Ochiq budjet” loyihasida ovoz to‘plashga SIM-karta sotib olish uchun pul yig‘ishga jalb qilingan maktab direktori ishdan bo‘shatilgandi. Viloyat hokimi haqiqatan ham ehtiyoj bo‘lsa, maktabni mahalliy budjet hisobidan jihozlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Ma’lumot uchun, Majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi ayrim soha vakillari, jumladan, o‘qituvchilar “Tashabbusli budjet”ga ovoz berishga majburlanayotganini o‘rganmoqda. Xalq ta’limi vaziri ham pedagoglar jarayonga jalb etilmasligini ma’lum qilgan.