6-aprel kuni Qamchiq dovonida yuk mashinasi va 3 ta yengil avtomobil to‘qnashib, 6 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati yuk mashinasi haydovchisi vafot etganini ma’lum qildi.

Soat 11:10 da Toshkent-O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 259-kilometrida Qamchiq dovoniga o‘tuvchi yo‘lda yuk mashinasi va yengil avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida lak-bo‘yoq mahsulotlarini olib ketayotgan yuk mashinasi yonib ketgan.

Vazirlikning yong‘in-qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib borib, 25 daqiqa ichida yong‘inni o‘chirdi. Avvalgi xabarda qayd etilganidek, ush bu hodisa sababli 6 kishi jabrlangan, ular eng yaqin tibbiyot muassasasiga yotqizilgandi.

Yong‘in to‘liq o‘chirilgandan so‘ng yuk mashinasining haydovchisi vafot etgani ma’lum bo‘ldi.