5-aprel kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan biriga ayiq kelib qolgani, mahalliy aholi uni mashinada urib yubormoqchi ham bo‘lgani va uni harakatsiz holga keltirib, tabiatga qaytarish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati jonivorning otib o‘ldirilganini ma’lum qildi.

Shu kuni taxminan soat 23:00 da ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgan. Birozdan so‘ng bu yerda mahalliy aholi to‘plangan. Hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagani bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan.

Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A.B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida ovchi D.A.ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan.

Toshkent hayvonot bog‘i vakillari hodisa joyiga yetib borganida ayiq nobud bo‘lgan.

Vazirlikning qayd etishicha, mazkur holat o‘rganilishi davom etmoqda. Mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan va buning oqibatida qo‘ng‘ir ayiqning o‘limiga sabab bo‘lgan mas’ullarga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralari ko‘riladi.

“Ayiqning terisi shilib olingani haqidagi foto va xabar haqiqatga zid. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratning Chiroqchi tumanidagi voqeaga aloqasi yo‘q. Ayni damda ushbu holat yuzasidan ham o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Toshkent hayvonot bog‘i matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ayiqning odamlar yashash manziliga qanday kelib qolganini izohlar ekan, ular odatda sabzavot va mevalar bilan oziqlanishini va odamlarni ko‘rganida ulardan qochishga harakat qilishini bildirdi.

“Odamlar turar joyida ayiqni nima jalb qilishi mumkin? Ular hamma narsa bilan oziqlanadigan jonivorlar bo‘lgani sababli nafaqat go‘shtni iste’mol qilishadi, balki asosiy ratsioni o‘simlik oziq-ovqatlari hisoblanadi. Tabiatdagi ayiq odam uchun xavfli emas va odatda u insonlardan qochishga harakat qiladi. Buning iloji bo‘lmaganida, jonivor umidsizlik va qo‘rquv sabab hujum qiladi. Ehtimol, ayiq mahalliy aholining harakatlaridan qo‘rqib ketgan va u binolardan panoh izlagan”, — deya qayd etdi Toshkent hayvonot bog‘i.

Bog‘ ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shunday hodisa 2020-yilning kuzida ham sodir bo‘lgan. Angren shahridagi Dukent tog‘ etaklari hududidagi turar joy hududida kezib yurgan ayiq Tabiat resurslari, Toshkent hayvonot bog‘i va Ichki ishlar vazirliklari mutaxassislari hamkorligida qo‘lga olinib, tabiatga qo‘yib yuborilgan.

“Ushbu holatda sodir bo‘lgan voqea, ehtimol, yirtqich hayvonni yo‘q qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishda muvofiqlashtirilmagan harakatlar bilan bog‘liq”, — deb hisoblaydi muassasa.

Ma’lumot uchun, qo‘ng‘ir ayiq O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Unga kiritilgan hayvonot dunyosi turlarini yo‘q qilish BHMning 600 baravari miqdorida jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.