Senatning o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko‘rsatilib, ma’muriy va fuqarolik ishlarida nazarda tutilmagan hamda yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmagan.

Ushbu sohani muvofiqlashtiruvchi yagona organning belgilanmagani esa kam ta’minlangan fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to‘liq foydalana olmasligiga, korrupsiyaviy omillar paydo bo‘lishiga olib kelishi bilan bir qatorda, budjet mablag‘larining sarflanishi ustidan nazorat o‘rnatilishiga ham to‘sqinlik qilgan.

Muhokama qilingan qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolar o‘z yechimini topishi ko‘zda tutilmoqda.

“Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik va ma’muriy ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda”, — deyiladi Senat xabarida.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tanlash tartibi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatuvchi advokatlar reyestrini yuritishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etilmoqda.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.