5-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda aholini arzon uy-joy bilan ta’minlash uchun qurilish tannarxini pasaytirish zarurligi qayd etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu maqsadda:

  • 2025-yilga qadar yog‘och, fanera, yog‘ochli opalubka va oynani import qilishda bojxona bojini bekor qilish;
  • yuqori markali sement bo‘yicha bojxona boji imtiyozini yana 1 yilga uzaytirish (buning hisobiga uy-joy qurish tannarxi 5 foizgacha pasayadi);
  • pudrat tashkilotlariga qurilayotgan uyni qavatma-qavat garovga qo‘yish va har bir qavati uchun kredit olish huquqini berish;
  • banklar beradigan kreditlarni davlat tomonidan qayta moliyalash amaliyotini davom ettirish;
  • quruvchilarga kafillik va kompensatsiya to‘lash tartibini takomillashtirish;
  • aholiga o‘z uyini energiya tejamkor materiallardan foydalanib ta’mirlashiga 10 yilga 16,5 foizdan 80 million so‘mgacha kredit berishga qaror qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishloq xo‘jaligi texnikasi importi 3 yilga boj va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingandi. Shuningdek, prezident 2024-yilgacha 36 turdagi oziq-ovqat va tovarlar — pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok, behi, yogurt, kefir, sut mahsulotlari, makaron, cho‘chqa go‘shti, piyoz, salat bargi importiga 2024-yilgacha nol stavka joriy etilishini tasdiqlagan.

Bundan tashqari, 2022-yilda prezident qarori bilan 2025-yilning 1-yanvariga qadar 21 turdagi xomashyo va yarimtayyor mahsulotlar import bojidan ozod qilingan.