“O‘zkimyosanoat” va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Ispaniyaning Maxam korporatsiyasi O‘zbekiston kimyo sanoatidagi qo‘shma korxona bo‘yicha uzoq davom etgan nizo yuzasidan xalqaro arbitraj ishini boshlagani haqidagi xabarga izoh berdi.

Xususan, Eurasianet nashrining xabar berishicha, konchilik va qurilish sanoati uchun portlovchi moddalar ishlab chiqaruvchi Maxam shu yilning mart oyida Londonda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. O‘zaro kelishmovchiliklar Maxam`ning O‘zbekistondagi mineral o‘g‘itlar va kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan biri bo‘lgan “Maksam-Chirchiq”dagi ulushiga tegishli. Hamkor — “O‘zkimyosanoat” davlat kompaniyasi.

“„O‘zkimyosanoat“ aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarga qaramay, vositachilik uchun dastlabki shartlarsiz Maxamcorp`ning arbitraj da’volari kiritganligi to‘g‘risidagi bildirishnomalarni olganidan hayratda va kompaniyaga nisbatan hafsalasi pir bo‘lganligini ma’lum qiladi”, — deyiladi xabarda.

Haqiqatdan ham, Maxamcorp International S. L. ispan kompaniyasi 2007-yilda “O‘zkimyosanoat” bilan birgalikda 2 ta qo‘shma korxona — “Maksam-Chirchiq” va “Ammofos-Maksam”larni tashkil etgan.

Qabul qilingan majburiyatlarga qaramay, Maxam kompaniyasi investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan va hozirda ularni bajarishdan bosh tortmoqda, deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, “O‘zkimyosanoat” AJ va agentlik Maxam kompaniyasining shartnoma munosabatlarini buzganlik haqidagi asossiz ayblovlarini qat’iyan rad etadi.

“Ikki qo‘shma korxona qariyb o‘n besh yildan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Maxam tomonidan qo‘zg‘atilgan da’volar shartnoma majburiyatlarini buzganliklarini yashirish va noto‘g‘ri boshqaruv, samarasizlik, sarmoya kiritmaslik va O‘zbekiston qonunchiligiga rioya qilmaslik uchun javobgarlikdan qochishdan boshqa narsa emas”, — deya qayd etiladi xabarda.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, Maxam kompaniyasi tomonidan investitsiya majburiyatlarini bajarmaslik qo‘shma korxonalar faoliyatiga va modernizatsiya va kengaytirish qobiliyatiga sezilarli darajada to‘sqinlik qiladi.

“O‘zkimyosanoat” va agentlik ham tomonlarning savollari va pozitsiyalari sir saqlanishi lozim bo‘lgan bir paytda, Maxam kompaniyasi o‘z da’volarini oshkor qilganidan hayratdaligini bildirdi.

Aksincha, “O‘zkimyosanoat” va agentlik har doim birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi tegishli kelishuvlarga va O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq ish yuritgan hamda hech qanday shartnoma yoki boshqa majburiyatlarni buzmaganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Maxam kompaniyasi bilan kelishmovchilikni do‘stona va vijdonan hal qilish tarafdori bo‘lgan va hozir ham shundayligi, har doim barcha faoliyatida inson va mehnat huquqlarini hurmat qilish hamda himoya qilishga intilib kelgani ta’kidlandi.

Shu o‘rinda, “O‘zkimyosanoat” va agentlikning ham Maxam kompaniyasiga qarshi da’volari borligi ma’lum qilindi. Jumladan, Maxam kompaniyasi o‘zining butun faoliyati davomida qo‘shma korxonalar faoliyatini yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirishni emas, faqatgina dividentlar olishni ko‘zlagani aytildi. “Vaholanki, Maxam kompaniyasining majburiyatlari qo‘shma korxonalarni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish uskunalarini takomillashtirish va texnik yordam ko‘rsatishni qamrab olgan. Biroq Maxam kompaniyasi o‘z majburiyatlarini bajarmadi. Buni 2022-yil oktabr oyida „Maksam-Chirchiq“ aksiyadorlik jamiyati zavodida yuz bergan eskirgan uskunaning avariyasi ham tasdiqlaydi”.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar faoliyatidan olinadigan foyda sezilarli darajada oshgani, mavjud quvvatlar modernizatsiya qilinib, faoliyatda yaxshilanishlar kuzatilayotganini alohida ta’kidlandi. Bunga investor va uning vakillari ishtirokisiz faqat O‘zbekiston tomonining sa’y-harakatlari evaziga erishilgani qayd etildi.

“„O‘zkimyosanoat“ AJ va agentlik barcha mavjud bahsli masalalar qonuniy hal etilishiga umid bildiradi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston tomoni Maxam kompaniyasining da’volari bo‘yicha huquqiy pozitsiya tayyorlamoqda va ular belgilangan tartibda taqdim etiladi”, — deyiladi xabarda.