Xorijda turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarni birlashtirish uchun tashkil etilgan Uzbekistan’s Club onlayn platformasi ish boshladi.

“Uzoq yillar davomida ular bilan vatan orasida ishonchli aloqa tizimi, mustahkam ko‘pirkka ehtiyoj bor edi. Shunday platforma bugun ishga tushdi. Uzbekistan’s Club — dunyo bo‘ylab iste’dodli o‘zbekistonliklarni birlashtiruvchi ekotizim. Bu intelluktual salohiyat, mehnatsevarlik qadriyatlari asosida barchamizni jamlaydigan g‘oyadir”, — deyiladi loyiha Telegram-kanalidagi xabarda.

Klub jamoasi xorijdagi muvaffaqiyatli o‘zbeklar haqida “O‘zbekistonlik” turkum filmlarini suratga olishmoqda. Birinchi va ikkinchi seriyalarning taqdimoti allaqachon bo‘lib o‘tdi, uchinchi seriyaning premerasi esa yaqin kunlarda kutilmoqda.

Uchinchi epizod qahramonlari dunyodagi eng yirik neft va gaz kompaniyalaridan biri Shell`ning yetakchi IT-arxitektori Madina Berdiyeva hamda Strasburg filarmonik orkestri dirijyori, avvallari Rossiya, Germaniya, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, AQSh, Yaponiya, Kanada, Ispaniya va Isroilda dirijyorlik qilgan Aziz Shohakimov haqida bo‘ldi.

Loyiha asoschilaridan biri, Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari, Yoshlar masalalari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning ta’kidlashicha, mamlakat aholisining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi O‘zbekiston yoshlari “o‘z yo‘li, o‘z qiziqishi, bu dunyodagi o‘rnini faol izlamoqda”.

Barcha muvaffaqiyatli insonlarni “uzluksiz rivojlanish istagi birlashtiradi. Bu men rahbarlik qilayotgan Yoshlar ishlari agentligi oldida turgan asosiy vazifa — o‘g‘il-qizlarni o‘ziga ishonishga o‘rgatish… AQShdagi vatandoshlar haqidagi birinchi qism premerasidan so‘ng biz yoshlarimizdan fikr-mulohazalarini oldik. Qizlarimizning bilim olishga qiziqishini ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Minglab ota-onalar filmning birinchi epizodini ko‘rib, o‘z qizlarining ta’lim olishiga sarmoya kiritishga qaror qilishdi”, — dedi u.