Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqlardan birida ayiq yugurib yurgani aks etgan videolar tarqaldi.

Videolardan birida mahalliy aholining mashinani yugurib kelayotgan ayiq ustiga bosib o‘tmoqchi bo‘lgani va hayvonni urib yuborgani ko‘rsatilgan. Boshqa videolarda esa yirtqich hayvon omborga kirib olgan va bir burchakda yashirinib, uy hayvonlaridan uzoqlashganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, u tumandagi 103-sonli maktab binosidagi derazalarga urilgan. Deraza sinishi oqibatida qon izlari paydo bo‘lgan.

“Ayiq maktabdagi biror-bir o‘quvchi yoki pedagog xodimlarga tajovuz qilmagan. Hech qanday jarohat olish holati qayd etilmadi”, — deya izoh berdi maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ul xodimi.

Tabiat resurslari vazirligi ushbu holat bo‘yicha boshqarmaning o‘zi va tuman hokimligi nazoratida ishchi guruh tuzilganini ma’lum qildi.

“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati unga nisbatan shafqatsiz harakat qilinayotgani haqida yozdi.

Tashkilotning vazirlikka tayanib xabar berishicha, vazirlik va Toshkent hayvonot bog‘i xodimlari allaqachon voqea joyiga jo‘nab ketgan.

“Mutaxassislar ayiqni maxsus jihozlar yordamida harakatsiz holatga keltirib, tabiatga qaytarishni rejalashtirmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qo‘ng‘ir ayiq O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Unga kiritilgan hayvonot dunyosi turlarini yo‘q qilish BHMning 600 baravari miqdorida jarima, 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.