O‘zbekiston uchta davlat bilan mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) kirishi bo‘yicha muzokaralarni amalda yakunladi. Bu haqda 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining JST bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Amirbek Muhamedov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibiga jami 47 ta davlat kiradi.

“Ularning barchasi dastlab tovar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borish istagini bildirgan. Hozirda 31 davlat bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ulardan uchta davlat bilan muzokaralarni yakunladik yoki yakunlash bosqichidamiz, deb aytishimiz mumkin — bu Gruziya, biz hozir Mo‘g‘uliston va Turkiya bilan yakuniy bosqichdamiz”, — dedi u.

Aprel oyi boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Gruziya hukumatlararo komissiyasining 9-yig‘ilishida Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasida JSTga qo‘shilish doirasida tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolangan edi.

Shu tariqa Gruziya O‘zbekiston bilan bu boradagi muzokaralarni yakunlagan birinchi davlat bo‘ldi.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish tashabbusini 1994-yilda boshlagan, biroq 2005-yilda bu jarayonni to‘xtatgan. 2020-yilda tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha ishlar qayta tiklandi va ishchi guruh bilan birinchi uchrashuv o‘tkazildi. Joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Jenevada O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Bugungi kunda savdo rejimi va majburiyatlar yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda, dedi Amirbek Muhamedov. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining aniq sanasini aytish qiyin, chunki bu jarayon murakkab va tashkilotning har bir a’zosi bilan muvofiqlashtirishni talab qiladi. Masalan, Qozog‘istonga 13 yil, Rossiyaga 10 yil kerak bo‘ldi, deya ta’kidladi ISSV boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.