Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi президент matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 15 mingta ijtimoiy soha obyektida isitish tizimlari ta’mirtalab holatda. Oqibatda ularda issiqlik energiyasining 35 foizi yo‘qotilmoqda, issiqlik harorati me’yorga nisbatan 2 baravar past.

Shu bois Bo‘ston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo‘yicha tajriba o‘tkazilgan.

“Isitish qozonlari zamonaviylariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizatsiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan. Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat ko‘tarilgan. Ayniqsa, o‘tgan qishdagi anomal sovuq davrida ham obyektlarda mo‘’tadil harorat saqlab turilgan”, — deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda ushbu tajribani ommalashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Unga ko‘ra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi. Tarmoqlar modernizatsiyasi uchun zarur mablag‘ning yarmi budjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi. Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar 2 yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.

isitish tizimi, шавкат мирзиёев

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy obyektlarning isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi. Binolarda energiya yo‘qotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida xususiy sherik tanlashda uning tajribasi, shuningdek, 5 milliard so‘mdan ortiq bo‘lishi talab etiladigan aylanmasi ham hisobga olinishini ta’kidladi. Bundan tashqari, kamida 15 yil kafolat muddati bo‘lgan energiya tejovchi qozonlarni sotib olish kerak.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov viloyatda 1608 ta ijtimoiy obyekt mavjudligi, 133 ta obyektning isitish tizimi gaz bilan ishlayotgani “kuz-qish mavsumidagi anomal sovuqda qiyinchiliklar tug‘dirayotganini” ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023-yilda mazkur ijtimoiy obyektlardagi isitish tizimlarini xususiy sheriklar tasarrufiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Hokim bu ajratilgan mablag‘larni samarali sarflash, ko‘mirning sifatini (import hisobiga) va isitish quvvatini oshirish imkonini berishini bildirdi.

Yig‘ilishda ko‘mir ta’minoti masalasi ham muhokama qilindi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘mir qazib chiqarish 3 million tonnadan 5,4 million tonnaga oshgan. Bu yil esa salkam 6 million tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin ko‘mirga talab bundan ancha ko‘p. Prezident istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, ko‘mirning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Avvalroq O‘zbekistonda gazni tejash maqsadida issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarning bir qismi ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazila boshlagani haqida yozgan edik. 2023-yilda 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavod ko‘mirga o‘tkazilishi kutilmoqda.