2-aprel kuni 2 soat davomida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida 20 mm yomg‘ir yog‘di, deb xabar bermoqda Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, bu miqdor aprel oyi uchun belgilangan umumiy me’yorning, ya’ni 60 mm ning uchdan bir qismiga teng.

Toshkent shahridagi lotoklarning o‘rtacha diametri 300 mm ga teng. Ular yog‘ingarchilik suvlarini kollektorlar va kanallarga yetkazadi.

“Lotoklar bir paytning o‘zida bunday katta oqimni qabul qilishga mo‘ljallanmagani bois shahrimizdagi bir necha manzilgohlarda suv to‘planishi kuzatildi”, — deya ta’kidladi hokimlik.

Holatni bartaraf etish maqsadida shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va uning tuman boshqarmalari, kommunal soha tizimlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimi va 100 dan ortiq maxsus texnika jalb etilib, 23:00 gacha barcha manzillardagi holatlar bartaraf etilgani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, jala ortidan shahar ko‘chalari, tunnellar va hatto metro bekatlarini suv bosgan.

O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov holat haqida post qoldirdi.

Mutaxassisga ko‘ra, chaqmoq-momaqaldiroqli yog‘inlar juda ham notekis taqsimlanadi. 2-aprelda ham Toshkentda hattoki juda ham kam yomg‘ir kuzatilgan joylar bilan bir qatorda 22 mm dan ko‘p yog‘in kuzatilgan joylar ham bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, shu kuni poytaxtda kuzatuvlar tarixida eng ko‘p yog‘in kuzatilmagan.

“Qurilish normativ hujjatlari bo‘yicha barcha infrastrukturalarni barpo etishda joyda kuzatilgan eng ko‘p yog‘in qiymatlari inobatga olinib, qurilish loyihalari ishlab chiqiladi. Drenaj, irrigatsiya tizimlari shunga monand tanlanadi. Shunda kechagi poytaxtdagi kabi noxush oqibatlar ro‘y bermaydi”, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 2-noyabrda kun davomida yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Toshkentning ayrim ko‘chalarida suv toshishi kuzatilgandi. O‘shanda shahar hokimligi ushbu toshqinlarga yagona sabab sifatida yul va ariqlarga tashlangan chiqindilar ekanini ma’lum qilgan.

16-noyabr kuni ham poytaxtda yog‘ingarchilik kuzatilgan. Ariqlarda suv to‘planib, yo‘l yoqasida ko‘lmaklar hosil bo‘lgan.

Shundan so‘ng shaharning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxt Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshqaruvchisi Anvar Umarovga boshqarma “balansida bo‘lgan texniklardan samarali foydalanmagani va ishda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklari” uchun hayfsan bergan.