Toshkentda 20−21-may kunlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Jara” xalqaro musiqa festivali qoldirildi, deya xabar qildi iTicket chiptalar sotish xizmati.

Festival qaysi vaqtga yoki sanaga qoldirilgani aytilmagan.

“Afsuski, dunyodagi hozirgi vaziyat keng ko‘lamli musiqiy tadbirlarni o‘tkazish uchun qulay emas”, — deyiladi xabarda.

Xarid qilingan chiptalarni Telegram iTicket xizmatiga qaytarish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Gazeta.uz” tashkilotchilarga tayanib, festival boshqa muddatga qoldirilishi kutilayotgani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, 29-mart kuni bloger Mirzayor Erkinov “Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Kremlni qo‘llab-quvvatlovchi Z-artistlar” ishtiroki tufayli tadbirni boykot qilishga chaqirgan edi.

3-aprelga kelib iTicket xizmatidagi festival sahifasi yo‘qolgan, tadbirning Instagram akkaunti bloklangan edi. Konsert tashkilotchilarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, sahifa Instagram`ning o‘zi tomonidan “ko‘plab shikoyatlar tufayli” bloklangan.

Avvalroq Boku va Olmaota shaharlarida ham “Jara” festivali bekor qilingan edi. Qozog‘istonda ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari festivalni bekor qilishni talab qilib, boykot e’lon qilishdi.

Olmaotada bekor qilingandan so‘ng festival Toshkentga ko‘chirildi. Unda HammAli & Navai, EMIN, Ani Lorak, Olga Buzova, Dabro, Diskoteka Avariya, Jasmin, Artik&Asti, KARNA.VAL, Vanya Dmitriyenko, Vlade Kay, Mary Gu, Bahh Tee & Turken, Cosmos girls, Nyusha va boshqalarning ishtiroki kutilayotgan edi.