O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayevning majlisda ro‘zador fermerlarni suv ichishga majburlagani aytilgan ortidan Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

Huquq faoli Abdurahmon Tashanov o‘zining Facebook`dagi sahifasida 31-mart kuni soat 15:00 atrofida majlis chaqirgan tuman hokim qishloq xo‘jaligidagi muammolar haqida g‘azab bilan nutq so‘zlagani, so‘ng majlis zaliga suv keltirishni buyurib, “senlar ro‘za tutvolib, sipo bo‘lib yurasanlar, ishni kim qiladi” deya ro‘zadorlarni suv ichishga majbur qilgani haqida yozgandi.

Holat bo‘yicha kengash raisi o‘rinbosari Zafar Mustafaqulov Bosh prokuraturaga murojaat xati yo‘lladi. Unda dastlab Konstitutsiyaning 31-moddasi hamda Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunning 4-moddasi eslab o‘tilgan.

асрол бойқораев, бош prokuratura, косон tumani hokimi, fermerлар kengashi

“Mamlakatimizda Konstitutsiyaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan siyosiy jarayonlar paytida Koson tumani hokimining yuqoridagi xatti-harakatlari ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarning keng e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda”, — deyiladi xatda.

Shuningdek, yuqoridagilarni inobatga olib hokimning xatti-harakatlari yuzasidan prokuror nazorati hujjati qo‘llash masalasini ko‘rib chiqilishida amaliy yordam berish so‘ralgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xat kelib tushganini tasdiqlab, hozirda o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.