Toshkentda bir yil avval ayollarga qarshi ko‘cha ta’qibi, zo‘ravonliklarning oldini olishga qaratilgan “Umidani chaqiring” loyihasiga start berilgan edi. O‘nlab do‘kon, dorixona, ovqatlanish shoxobchalari va boshqalarni qamrab olgan loyiha g‘oyasiga ko‘ra, ko‘chada ta’qibga uchragan xotin-qizlar loyiha ishtirokchisi bo‘lgan muassasalarda yordam olishi va ta’qibdan himoyaga ega bo‘lishi mumkin.

Bir yil davomida loyiha qanday ishladi? Loyiha doirasida qancha xotin-qiz “Umidani chaqirdi”? Loyiha doirasidagi kelgusi rejalar qanday? “Gazeta.uz” loyiha tashabbuskorlaridan biri — BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD) vakillari bilan shu haqda suhbatlashdi.

Nega “Umidani chaqirish” kerak?

“Umidani chaqiring” — 2016-yili Buyuk Britaniyada ishga tushirilgan “Ask for Angela” (“Anjelani chaqiring”), Germaniyadagi “Ist Luisa hier?” (“Luiza shu yerdami?”), 2020-yili Rossiyada boshlangan “Galyani chaqiring” va 2021-yili Qirg‘izistonda start olgan “Kantayni chaqiring” nomli loyihalarning O‘zbekiston uchun moslashtirilgan variantidir. Bu ibora — yordam so‘rash usuli, maxsus kalit so‘z. Uni eshitgan muassasa xodimi avvaldan tasdiqlangan yo‘riqnoma asosida harakat qiladi: u ayolni xavfsiz xonaga olib borishi, favqulodda chiqish joyigacha kuzatib borishi yoki zarur holatda huquq-tartibot organlarini chaqirishi mumkin.

“Aslida xotin-qizlarning himoyalanish nisbati qanchalik yuqori bo‘lsa, tajovuz qilish shuncha kamayadi. Bir ko‘chada ayol yordam so‘rashi mumkin bo‘lgan va unga yordam ko‘rsatiladigan 10 ta shunday joy bo‘lsa, tajovuz qilmoqchi bo‘lganlar ham qo‘rqa boshlaydi: „Hozir bu ishni qiladigan bo‘lsam, falonchi joydan chiqib, bir narsa deyishadi, qiz mana bu joyga kirib ketsa, keyin nima qilaman“, deb imkoniyati kamligini tushunib yetadi”, — deydi BMT TD gender mutaxassisi Muhabbat Turkmenova.

Uning fikricha, bu kabi loyihalarni qo‘llash nafaqat qizlarning, balki hammaning himoyasi — ya’ni ko‘chada har qanday turdagi zo‘ravonlik bo‘lmasligi uchun ham kerak. Bunga aniq bir mexanizmsiz erishib bo‘lmaydi. Mexanizm qanday ishlashi mumkinligini Muhabbat Turkmenova oqshomda jamoat transportidan foydalanadigan va shu sababli zo‘ravonlik yoki ta’qibga duch kelishi ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan xotin-qizlar misolida tushuntiradi:

“Avvalo, ko‘cha xavfsizligi ta’minlanishi muhim — zo‘ravonlik asosan yaxshi yoritilmaydigan joylarda yuz beradi. Keyin, ayol-qizlar bekatda transportni uzoq kutib qolmasliklari uchun avtobuslarning kelish-ketish vaqtini ko‘rsatuvchi mobil-dasturlar yordam beradi. Bekatga avtobus kelishiga 4−5 daqiqa qolganda chiqilsa, ehtimoliy shilqimlik yuz berishi mumkin bo‘lgan vaqt qisqaradi. Agar o‘sha ko‘chada “Umidani chaqiring”ga qo‘shilgan muassasalar ham bo‘lsa, u holda butun bir mexanizm vujudga keladi: yorug‘ ko‘cha, bekatlarda uzoq qolib ketmaslik imkonini beruvchi to‘g‘ri ishlaydigan mobil-dastur, ko‘chaning qaysidir qismida yoki bekatda o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi, shilqimlik holati yuz berganida tezda o‘tish mumkin bo‘lgan xavfsiz joy — “Umidani chaqiring” hamkori bo‘lgan muassasa”.

Qanday qilib loyiha hamkoriga aylanish mumkin?

Loyiha ishtirokchisiga aylanish istagidagi kompaniya va tashkilotlar CallUmida.uz sayti orqali maxsus savolnomani to‘ldirishi kerak. Bunda muassasa ko‘cha yuzida, binoning 1-qavatida joylashgan bo‘lishi (aks holda ta’qibdagi shaxs xavfsiz joyni ko‘rmay qolishi yoki yuqoriga chiqishga ulgurmasligi mumkin) hamda bino ichida yoki biror bir xonasida videokuzatuv tizimi bo‘lishi kerak.

ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, бмттд, zo‘ravonlik, ko‘cha ta’qibлари, теgaжоқлик, uмиdanи chaqiring, shilqimlik

Salohiyatli hamkorlarni saralash jarayonida tashkilotchilarning juda ko‘p vaqti nomzod tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlarini o‘rganishga ketadi. Masalan, hamkorlikka nomzodning ijtimoiy tarmoqlardagi xotin-qizlarni tahqirlaydigan, kamsitadigan postlar bo‘lsa, ular bilan hamkorlik qilinmaydi. Bundan ta’qib yoki tazyiqdan qochib, “xavfsiz manzil” deb belgilangan ma’lum binoga kirgan xotin-qizlar o‘sha yerda ham nomaqbul munosabatga duch kelishining oldini olish maqsad qilingan.

“Yaqinda bir reklama ko‘rib qoldim: unda ayolning ochiq yelkasiga QR-kod qo‘yilgan, odamlar esa ayolning badanidan QR-kodni suratga tushiryapti. Bu ayolning badanini obyekt sifatida ishlatish-ku! Biz qanday qilib bu yo‘sinda o‘z xizmatlarini reklama qiladigan kompaniyaga o‘zi shundoq ham tahdid ostida qolgan xotin-qizlarning xavfsizligini ishonishimiz mumkin?”, — deydi Turkmenova.

Maqbul deb topilgan kompaniyalar bilan shartnoma imzolanarkan, ularning majburiyatlari belgilanmaydi — kelishuvga qaror qilinganining o‘zi mas’uliyat zimmaga olganini anglatadi. Loyiha o‘z ishtirokchilari uchun ortiqcha yuk bo‘lmaydi (har bir xodim, xususan, yangi ishga olinganlar ham “Umidani chaqiring” loyihasi bo‘yicha yo‘riqnoma va harakatlar mexanizmi bilan tanishtirib chiqilishi lozimligi hisobga olinmasa): murojaatchiga alohida xona berilishi shart emas, istalgan videokuzatuvli xona ham yetarli.

Protokolga muvofiq, loyihaga a’zo kompaniya xodimi murojaatchidan uning hatto ism-sharifi, nima sodir bo‘lgani, o‘zini qanday his qilayotgani haqida ham so‘rashi shart emas (faqat, monitoring uchun, “Umidani chaqiring” kalit so‘zi bilan murojaat qilganlarning taxminiy yoshi, qanday holatda kelgani va ketganini maxsus anketaga yozib qo‘yish so‘raladi).

Bu, avvalo, shaxsiy daxlsizlikni ta’minlaydi. Holat bilan tanishgan xodim murojaatchini yupatishga kirishib ketishi mumkin, yupanch so‘zlar esa turlicha ta’sir qilishi mumkin. Bu ish bilan mutaxassislar, psixologlar shug‘ullangani ma’qul. Hamkorlarning aksariyati dorixonalar, do‘konlar, restoranlar ekani inobatga olinsa, bu muassasalarda psixologlar ishlamasligi ehtimoli katta.

Shu bois “Umidani chaqirib” kelgan murojaatchidan hech narsa so‘ramaslik qoida sifatida kiritilgan. Faqat, murojaatchining o‘zi xohlasa, ichishga suv berilishi, o‘ziga kelguncha kutib turish va chiqib ketayotganda kuzatib qo‘yish tavsiya etiladi. Agar u huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini chaqirishni so‘rasa, chaqiriladi.

Voyaga yetmagan murojaatchilar esa yolg‘iz chiqarib yuborilmaydi: biror yaqinining telefon raqamini eslay olsa, bog‘lanib, o‘sha manzilga kelishlari so‘raladi. Eslolmasa, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari ularning yaqinlarini topishga ko‘maklashadi. Chunki ta’qibchi bolani ko‘chada poylab turgan bo‘lishi, u tashqariga chiqqach uni yana ta’qib qilishi mumkin.

Hamkorlar 22 tadan ko‘proq bo‘lishi mumkin edi

Ta’qibga uchragan xotin-qizlar Telegramdagi CallUmida_bot'ga o‘zlari turgan manzilni jo‘natsa, bot unga (10 km radiusda) eng yaqin xavfsiz nuqtalar ro‘yxatini yuboradi. Xavfdan qutulish mumkin bo‘lgan joyni esa hamkor muassasa binosiga yopishtirilgan “Umidani chaqiring” stikerlari orqali ajratib olish mumkin. Umuman, hamkorlarning to‘liq ro‘yxati bilan CallUmida.uz saytida ham tanishish mumkin.

ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, бмттд, zo‘ravonlik, ko‘cha ta’qibлари, теgaжоқлик, uмиdanи chaqiring, shilqimlik

Bugungi kunda loyiha hamkorlari soni 22 ta. Ammo qamrov haqida shugina raqamga qarab xulosa qilish yaramaydi — loyihaning deyarli har bir hamkori kamida bir necha filialga ega muassasalardir. Masalan, hamkorlardan biri — “Korzinka” supermarketlar tarmog‘ining 100 dan ortiq do‘koni bor. Muhabbat Turkmenovaning so‘zlariga ko‘ra, bugun — umumiy olgan qaraganda — 300 dan ortiq nuqtada “Umidani chaqirish” mumkin.

Loyiha saytidagi hamkorlar ro‘yxati boshida turgan kompaniyalarga tashabbuskorlarning o‘zi taklif bilan chiqqan. “Korzinka” kabi kompaniyalar bilan tezda kelishuvga erishilgan. Dorixonalar bilan muloqotda esa savol tug‘ilgan. Ular ham loyihani ma’qullagan, ammo asosan xotin-qizlardan iborat xodimlari xavfsizligini o‘ylab shunday masala qo‘ygan: “Dorixonaga qochib kirgan xotin-qizning ortidan ta’qib qiluvchi ham kelsa, jussasi kichik, jismonan kuchli bo‘lmagan xodimlarimizning o‘ziga ziyon yetmaydimi?”.

“O‘ylanib qoldik. Dorixonaning ishi o‘zi shundoq ham xavfsiz emas — giyohvandlar dori so‘rab, mast odamlar esa spirt so‘rab kirishi mumkin. Shunday holatlarda nima qilasizlar, deb so‘radik. Ular “signal tugmasi”ni bosishlarini, shunda yaqin oradagi Milliy gvardiya bo‘linmasi 2 daqiqa ichida yetib kelishini aytishdi”, — deydi Turkmenova. Shu bilan nafaqat dorixonalar, balki loyihani qo‘llasa-da, xavfsizlik borasida ikkilanib turgan, lekin “signal tugmasi” bor boshqa muassasalar bilan bog‘liq masala ham hal bo‘lgan.

Hamkorlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Ammo bir qator katta kompaniyalar bu kabi ishlar bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar shug‘ullanishi kerakligini, boshqalari esa har kim o‘zi uchun o‘zi javob berishi kerakligini ta’kidlab, rad javobini bergan va “zo‘ravonlikka nisbatan jamiyatdagi ma’lum qatlam fikrini ham ko‘rsatib qo‘ygan”.

“Afsuski, „kiyinishini joyiga qo‘ysin“, „ko‘chaga ko‘p chiqmasin“ kabi vajlar bilan juda ko‘p zo‘ravonlik holatlarida ayol-qizlarning o‘zi ayblanadi. Uyingiz, mashinangizga o‘g‘ri tushganda militsiyani chaqirasiz, to‘g‘rimi? Ular ochiq qolganida o‘g‘rilik bo‘lsa ham militsiya „nimaga eshigingni yaxshi qulflamading?“, „mashinangning ichi chiroyli ekan-da, ustiga chexol qilganingda, shunaqa bo‘lmasdi“ demaydi — jinoyatchini topadi va u qonunga muvofiq jazo oladi. Nega moddiy buyumga ishlaydigan qonunlar ayol-qizlarga kelganda, zo‘ravonlik holatlarida ishlamaydi?”, — deydi BMT TD mutaxassisi.

Hamkorlar ro‘yxatiga e’tibor berilsa, ular orasida birorta ham davlat tashkiloti yo‘q. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta’kidlaganidek, “ushbu tashabbus fuqarolik va korporativ ijtimoiy mas’uliyat va ma’lum bir mavzularga befarq emaslik asosida tashkil etilgan ko‘ngilli birlashmalar jamiyatdagi murakkab muammolarga oddiy yechim topishning samarali usuli bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi”.

Ayni vaqtda, Muhabbat Turkmenovaning qayd etishicha, hamkorlarga — ular xususiy sektordan bo‘ladimi, yo davlat tashkiloti, farqi yo‘q — biror chegara qo‘yilmagan. Ammo hozircha, haqiqatan ham, davlat sektori ishtirok etmayapti: “Umidani chaqirish” boshlanganida ko‘p davlat tashkilotlari bu loyiha yaxshi tashabbus ekanini ta’kidlagan, lekin haligacha hamkorlik istagini bildirmadi.

“Inson huquqlari davlat tomonidan ta’minlanishiga o‘rganib qolganmiz. Aslida ham bu davlatning majburiyati, lekin xalqaro maydondagi bugungi muhokamalarda huquqlar ta’minlanishida xususiy tarmoqlarning roli haqida ko‘p gapirilyapti. O‘ylab qarasak, bu borada ushbu bo‘g‘inning ham imkoniyatlari keng. Oldin davlatning himoya qiladigan armiyasi bor deb o‘ylardik. Ammo bugungi kunda o‘zining kuchli qo‘riqlash tizimiga ega kompaniya, korporatsiyalar ham talaygina. Qolaversa, Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlar ham odamlar uchun huquqlarini talab qilib oladigan maydonga aylangan. Ular ham davlatdan alohida bo‘lgan xususiy tarmoqlarga tegishli. Bu korporativ ijtimoiy mas’uliyat deyiladi va chet elda juda yaxshi rivojlangan”, — deydi Turkmenova.

Shuning uchun ham “Umidani chaqiring” loyihasida hamkorlar masalasida ustuvorlik xususiy sektorga berilgan. Tashkilotchilar fikricha, xususiy sektorning ham imkoniyatlari ko‘p hamda ular majburiyat emas, mas’uliyat nuqtai nazaridan ham javobgarlikni yaxshi anglab yeta oladi. Kompaniya jamiyatdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘ziga ijtimoiy mas’uliyat olarkan, ayni vaqtda o‘z obro‘-e’tiborini oshirish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi: birgina yopishtirilgan “Umida chaqiring” stikerining o‘zi bu joy, bu kompaniya nafaqat xotin-qizlar, balki hamma uchun ham xavfsiz makon ekanini anglatadi.

“Pul aralashgan ijtimoiy loyiha to‘xtab qoladi”

Loyiha ishga tushganidan keyingina uni nogironligi bor shaxslarga moslashtirish masalasi e’tibordan chetda qolgani ma’lum bo‘lgan. “Avvalroq shu narsani o‘ylamaganimiz uchun o‘zimizni koyidik”, — deydi Muhabbat Turkmenova. Nogironligi borlarning jamiyatlari murojaatlaridan so‘ng, ular bilan bamaslahat, “Umidani chaqiring” loyihasi doirasida zaif eshituvchilar, aqliy zaifligi borlar uchun qo‘llanmalar tayyorlangan. Xususan, loyiha hamkorlari uchun ularga zaif eshituvchilar murojaat qilganda ularga qanday yordam berish, nimalar qilish mumkinu mumkin emasligi haqida 10 daqiqalik videodarslar ham ishlab chiqilgan.

ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, бмттд, zo‘ravonlik, ko‘cha ta’qibлари, теgaжоқлик, uмиdanи chaqiring, shilqimlik

Ammo O‘zbekiston shaharlarida, xususan, Toshkentda nogironligi bor kishilarning erkin harakatlanishi uchun zarur infrastruktura yo‘qligi, yo‘llarda to‘siqlar ko‘pligi loyihani barcha uchun teng amaliyotga joriy qilishda qiyinchiliklar keltirib chiqarmoqda. Mutaxassis loyihaning ko‘zi ojizlar bilan bog‘liq jihati ayniqsa muammoli ekanini ta’kidlaydi. Odatiy holatda xotin-qizlar binoga yopishtirilgan “Umidani chaqiring” stikerini ko‘rib, xavfsiz manzilni ajratib olishi mumkin. Biroq ko‘zi ojizlar stikerlarni ko‘rolmaydi va o‘z-o‘zidan xavfdan qutilish ehtimoli ham kamayadi.

“Shahar ko‘zi ojizlar uchun ovozli texnik imkoniyatlar, zaif eshituvchilar uchun maxsus xaritalar, tayanch-harakatida nuqsoni borlar uchun panduslar bilan to‘liq ta’minlansagina loyihadan nogironligi bor xotin-qizlar ham birdek foydalana oladi”, — deydi BMT TD mutaxassisi.

Loyiha hamkorlari O‘zbekistonning qaysi hududlarida faoliyat olib borsa, loyiha ham o‘sha yerlargacha kirib borgan: masalan, “Korzinka.uz”ning nafaqat Toshkentdagi, balki undan tashqaridagi barcha do‘konlarida ham “Umidani chaqirish” mumkin. Ya’ni, loyiha faqat poytaxt bilan cheklanib qolmagan, ammo uning Toshkentdan tashqaridagi qamrovi hali juda kichik, ayni vaqtda Toshkentdagi qamrovni ham yetarli deb bo‘lmaydi.

Bu jihatga to‘xtalarkan, Turkmenova xonim hududlardagi korxona va tashkilotlar korporativ ijtimoiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi, ko‘ngillilar esa birlashishi lozimligini ta’kidlaydi.

“Biz imkonimiz yetganicha harakat qilyapmiz. Ammo loyihaning keng yoyilishida OAVning roli muhim”, — deydi BMT TD mutaxassisi, chunki odamlar ham, ijtimoiy mas’uliyatni yelkasiga olishga tayyor kompaniyalar ham bunday loyihalar haqida faqat OAV ma’lumotlari asosida xabar topishi mumkin. Shu bois loyiha ko‘proq yozish, uni ko‘proq yoritish zarur. Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, bu kabi loyihalar ijtimoiy faollar tomonidan boshlanishi kerak.

“Biz ham “Umidani chaqiring”ni mahalliy faollar qo‘liga bermoqchimiz. Faollar, puli bor-yo‘qligidan qat’i nazar, xohishi bo‘lsa, loyihani davom ettiraveradi. Xalqaro tashkilotlar qaysidir mamlakada biror loyiha boshlagani yaxshi, ammo ular bunga majbur emas. BMT TDdagi juda ko‘p loyihalar volontyorlik asosiga qurilgan — bunday ish uzoq vaqt saqlanib qolib, davom etadi. “Umidani chaqiring”da ham pul oldi-berdisi bo‘lmagan. Pul aralashgan loyiha pul tugagach to‘xtab qoladi”, — deydi Turkmenova.

“Umidani chaqiring”dan shu vaqtga qadar qancha ayol-qiz foydalangan?

Loyiha doirasida CallUmida Survey Telegram-boti ishlab chiqilgan. Unda xotin-qizlar o‘zlari duch kelgan zo‘ravonlik yoki shilqimlik holatlarini anonim tarzda bildirishi mumkin. Bu orqali muammoning qanchalik kengligi, ko‘proq qaysi joylarda uchrashini bilib, o‘sha manzillardan hamkor kompaniyalar izlash, ularni loyihaga jalb qilish mumkin.

“Umidani chaqiring” kalit so‘zi bilan xavfsiz hududga murojaat qilganlarning shaxsiy ma’lumotlari to‘planmaydi, faqat, yuqorida ta’kidlanganidek, murojaatchining taxminiy yoshi, qanday holatda kelgani va ketganini maxsus anketaga yozish orqali murojaatlar monitoringi olib boriladi. Shu kunga qadar kalit so‘z bilan uch kishi murojaat qilgan. Ularning hammasi 18 yoshdan katta ayol-qizlardir.

“Mentalitetimiz, jamiyatimizdagi „uyat bo‘ladi“, „indama“, „o‘chir ovozingni“ kabi kuchli bosimlar orasidan shu uch ovoz chiqqanining o‘zi ham biz uchun katta ko‘rsatkich”, — deydi BMT TD gender mutaxassisi Muhabbat Turkmenova.