Bosh prokuratura Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyining uch nafar tarbiyalanuvchisi zo‘rlanishi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud hukmi va appelyatsiya instansiyasi ajrimlari qonuniyligini o‘rgandi.

“29-mart kuni sudlangan A.Masharipov va A.Kuryazovlarga yengil jazo tayinlanganligi va boshqa holatlar yuzasidan Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi sudiga protest keltirilgan”, — deyiladi xabarda.

Idora matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, protest ishni qayta ko‘rib chiqish va jazoni kuchaytirishdan iborat bo‘lib, u Nemolchi.uz loyihasi tomonidan voqea birinchi marta e’lon qilinishidan ikki kun oldin, 29-mart kuni chiqarilgan. Oliy sud 1-aprel kuni soat 16:25 da vaziyatni izohlar ekan, “hozirgi kunga qadar Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmaganini” bildirgan.

Bosh prokuraturaning qayd etishicha, protest 29-mart kuni berilgan, biroq yetkazib berish, ijro etish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tufayli hujjat Oliy sudga yetib borolmagan.

Avvalroq 2022-yilning sentabr oyida Dilmurod Otamuratov raisligida o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan hukm chiqargani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, mehribonlik uyi rahbari 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani hamda 1 yilga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingan. Ikki sobiq amaldor esa 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olgan.

Oliy sud yopiq eshiklar ortida ko‘rilgan jinoyat ishi materiallariga to‘xtalar ekan, qizlarning bir necha oy davom etgan zo‘rlanishiga kamida yana uch kishi aloqador bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Biroq sud ularni ayblanuvchi deb hisoblamay, guvoh sifatida ushlab turgan.