29-martdan 4-aprelgacha Xitoyning Chunsin shahrida ayollar shaxmati bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun bahslar bo‘lib o‘tmoqda. Unda finalga chiqish va sportchi Szyu Venszyun bilan kechadigan duel uchun ikki nafar xitoylik shaxmatchi — Ley Tinsze va sobiq jahon chempioni Tan Chjuni kurash olib bormoqda. 29 va 30-mart kunlari kechgan bahslarda sportchilar ketma-ket 1 ochkodan jamg‘argan bo‘lsa, 31-martdagi o‘yinda durang qayd etib, 4-tur oldidan hisob tenglashgan — 1,5:1,5.

Shaxmat bo‘yicha murabbiy Georgiy Shvanov ayollar shaxmatining nima uchun yakkalanib qolayotgani va ayollar shaxmatda erkaklar bilan qay darajada raqobatlasha olishi mumkinligi haqida hikoya qiladi.

Ayollar shaxmatining tarixi

Ayollar shaxmat o‘yinini, ehtimol, u paydo bo‘lganidan beri o‘ynab kelishgan. Zamonaviy o‘yin qoidalari, aynan malikaning harakati XV asrda Ispaniya qirolichasi kastiliyalik Izabella I sharofati bilan paydo bo‘lganligi haqida afsonalar mavjud. Shaxmat taxtasi ortidagi ayollar haqida Aleksandr Pushkin o‘zining “Yevgeniy Onegin” romanida ham yozgan:

“Tinch joyga chekinib hammadan uzoq,
Bir shaxmat taxtasi uzra ikkisi,
Stolga yonboshlab, ba’zi vaqt jiddiy
Chuqur o‘yga botib o‘ynaylar inoq;
Lenskiy shuncha ham parishonxotir
O‘z ruhin piyoda bilan oladir”, — deb yozgan edi u Lenskiy va Olga o‘rtasidagi o‘yin haqida.

Shunga qaramay, ayollar professional shaxmatining tarixi erkaklarnikiga qaraganda kechroq boshlangan. Ayollar o‘rtasidagi ilk jahon chempionati 1927-yilda — erkaklar o‘rtasida ilk bor bunday musobaqa o‘tkazilganidan 41 yil o‘tgachgina bo‘lib o‘tgan. Unda chexoslovakiyalik shaxmatchi Vera Fransevna Menchik g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Keyingilarida ham ayollar shaxmatida unga teng keladigani topilmadi va u yana yetti karra o‘z chempionlik unvonini tasdiqladi. 1944-yilda Vera Menchik Londonning fashistlar Germaniyasi tomonidan bombardimon qilinishi vaqtida vafot etdi.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Vera Menchik. Foto: Yandeks.Dzen.

Uning vafotidan so‘ng ayollar o‘rtasidagi birinchi jahon chempionati 1949/50 yil qishda bo‘lib o‘tdi. G‘alabani Lyudmila Vladimirovna Rudenko qo‘lga kiritdi. O‘sha vaqtdan boshlab to 1991-yilgacha ayollar shaxmati tojini Sovet Ittifoqi o‘zida saqlab qoldi. 1960−1980-yillarda kuchli gruziyalik shaxmat yulduzlari: Gaprindashvili, Chiburdanidze, Ioseliani, Aleksandriya yetishib chiqdi.

1990-yillardan beri ayollar shaxmatida chempionlik unvonlarining aksariyatini xitoylik shaxmatchilar egallab kelmoqda. Amaldagi jahon chempioni — Szyu Venszyun. U chempionlikni 2018-yilda qo‘lga kiritgan, 2020-yilda esa rossiyalik Aleksandra Goryachkinani o‘yinda mag‘lub etib, o‘z unvonini himoya qilgan.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Szyuy Venszyun. Foto: Vikipediya.

Uning navbatdagi raqibini aniqlash maqsadida nomzodlar turniri o‘tkaziladi. Mazkur turnirda ishtirokchilar yakkama-yakka qisqa o‘yinlar o‘tkazadilar. Musobaqa finalida ham ikki nafar xitoylik ayol — Ley Tinsze va sobiq jahon chempioni Tan Chjuni to‘qnash keladi. Shunday qilib, unvonning o‘zi ham, shoxsupada unga eng yaqin bo‘lgan o‘rinlar ham Osmon imperiyasi vakillarining qo‘lida saqlanib qoladi. Bu ko‘p jihatdan mamlakat tarixidagi ikkinchi grossmeyster Ye Szyanchuanning xizmati bo‘lib, u 2000-yilda erkaklar va ayollar terma jamoalarining bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan va bir qancha bo‘lajak chempionlarni yetishtirib chiqargan.

Ayollar shaxmati Rossiya, Ukraina, Hindiston, Polsha kabi mamlakatlarda yaxshi rivojlangan. So‘nggi paytlarda qozog‘istonlik sportchilar ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, Bibisara Asaubayeva o‘tgan yili blits (o‘ylab olish vaqti qisqartirilgan shaxmat) bo‘yicha ikki karra jahon chempioni bo‘ldi.

Jinslar kurashi

Uzoq vaqt davomida erkaklar o‘rtasida va ayollar o‘rtasida kechadigan shaxmat bahslari kuchidagi tafovutni yer bilan osmoncha, deb atash mumkin edi. Buning sabablari haligacha muhokama qilib kelinadi. Jamiyatdagi “Intellektual sport — ayollarning ishi emas”, degan qarashlarning ta’siri, qolaversa, ko‘pchilik ayollar hali ham karera yoki oila o‘rtasidagi tanlov oldida turganini tan olmay iloj yo‘q.

O‘yin saviyasidagi farq tufayli shaxmat bo‘yicha ayollar turnirlari dastlab erkaklarnikidan alohida o‘tkazilgan. 1978-yilda alohida unvonlar ham joriy etildi: ayol grossmeyster, ayollar shaxmati xalqaro ustasi va boshqalar. Ularni qo‘lga kiritish uchun standart unvonlar uchun talab qilinganidan pastroq reyting va turnir natijalariga erishish kifoya qiladi.

Erkaklarga muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsata olgan ilk shaxmatchi ayol ham Vera Menchik edi. 1929-yilda u Karlsbaddagi kuchli xalqaro turnirda ishtirok etdi. Hamkasblari uning istiqboliga shubha bilan qarashdi va venalik shaxmat ustasi Albert Bekker hazil tariqasida u mag‘lub etishi mumkin bo‘lgan jentlemenlar klubini tuzishni taklif qildi. Shunga qaramay, tez fursatda uning o‘zi ushbu klubning birinchi a’zosiga aylandi. Keyinchalik Vera Fransevna ko‘plab kuchli shaxmat ustalarini, shu jumladan bo‘lajak jahon chempioni Maks Eyvni mag‘lub etdi va kuchli turnirlarda bir nechta sovrinli o‘rinlarni band etdi.

Undan keyingi chempionlar uzoq vaqt davomida yuqori darajaga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lmadilar va erkaklar turnirlarida ishtirok etmadilar. Vaziyatni 1978-yilda birinchi bo‘lib xalqaro grossmeyster unvonini olgan Nona Gaprindashvili o‘zgartirdi. Netflix`ning mashhur “Qirolichaning yurishi” serialida uning erkaklar bilan o‘yin o‘tkazmaganligini aytilganda, Gaprindashvili haqli ravishda g‘azablangan edi.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Nona Gaprindashvili. Foto: Vikipediya.

Uning o‘rniga shoxsupani egallagan Maya Chiburdanidze ham erkaklarga qarshi faol dona surdi, eng oliy unvonni qo‘lga kiritdi, xalqaro musobaqalarda bir nechta birinchi va sovrinli o‘rinlarni egalladi.

Bugungi kunda ayol shaxmatchilarning endilikda “ochiq” deb nomlanuvchi eng kuchli erkaklar turnirlaridagi ishtiroki tobora ortib bormoqda (“ochiq” turnirlarda ayollar ham, erkaklar ham ishtirok etishi mumkin. Ayollar turnirlarida — faqat ayollar). Masalan, xitoylik Xou Ifan shaxmat taqvimining eng nufuzli turnirlaridan biri bo‘lgan Veyk-an-Zeye turnirida, Aleksandra Goryachkina esa Rossiya chempionatining superfinalida ishtirok etgan.

Erkaklarga qarshi o‘yinlarda eng katta muvaffaqiyatga vengriyalik shaxmatchi Judit Polgar erishdi. Bugungi kunga qadar u dunyoning eng kuchli shaxmat ustalari o‘ntaligiga kirgan va jahon chempioni unvoni uchun musobaqalarda ishtirok etgan (2005) yagona ayol shaxmatchi hisoblanadi. Juditning turnirlardagi so‘nggi chiqishi 2014-yilgi Shaxmat Olimpiadasi bo‘lib, unda Vengriya jamoasi u bilan birgalikda kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston shaxmatchi ayollari

Mamlakatimizda ayollar shaxmatining birinchi yorqin vakili Valentina Mixaylovna Borisenko hisoblanadi. 1965-yilda u turmush o‘rtog‘i, taniqli sovet shaxmat ustasi Georgiy Borisenko bilan Sverdlovskdan Toshkentga ko‘chib kelgan. Valentina Mixaylovna O‘zbekiston SSR shaxmatchisi sifatida oltita Sovet Ittifoqi chempionatida, shuningdek, jamoa tarkibida ikkita milliy musobaqalarda ishtirok etgan. U 1993-yilda vafot etgan.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Valentina Borisenko: Foto: Facyebook.

Mustaqil O‘zbekistonda ayollar shaxmatining taraqqiy etishiga Mo‘minovlar-Toxirjonovlar oilasi muhim hissa qo‘shdi. To‘ng‘ich qiz Nafisa Mo‘minova va kenjasi Gulruhbegim Tohirjonova ayollar o‘rtasida grossmeyster unvoniga sazovor bo‘lib, turli davrlarda ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ishtirok etishdi. O‘rtancha qiz Hulkar Tohirjonova FIDE ayollar shaxmati ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.

Bu yillarda O‘zbekiston terma jamoasi yuksak natijalarga erishish qobiliyatini namoyon etdi. Xususan, 2018-yilgi Olimpiadada musobaqaning favoriti — Rossiya jamoasi mag‘lub etildi. Gulruhbegim, Irina Gevorgyan va Sarvinoz Qurbonboyeva tajribali raqiblarga qarshi bahslarda durang qayd etgan bo‘lsa, jamoaga hal qiluvchi g‘alabani Nodira Nodirjonova olib keldi.

Hozirda Gulruhbegim AQSh sharafini himoya qilmoqda. U sportdagi fuqaroligini o‘zgartirganligida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Xusan Turdaliyevni aybladi. 2022-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasida Gulruhbegim AQSh terma jamoasini boshqardi va 10 dan munosib 7 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘yinda uning o‘rniga zaxiradagi o‘yinchi ishtirok etdi.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Gulruhbegim Tohirjonova. Oilaviy arxivdan olingan surat.

Mamlakatimizning amaldagi ayollar terma jamoasi yosh shaxmatchilardan tarkib topgan. Ayni damda ularning eng kuchli va tajribalisi — O‘zbekistonning eng kuchli shaxmatchilaridan biri Nodirbek Yoqubboyevning opasi Nilufar Yoqubboyeva hisoblanadi.

Woman Chess Championship

Mart oyi boshida bo‘lib o‘tgan Woman Chess Championship xalqaro turniri ayollar shaxmatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir. Turnir ikki guruh — professional va havaskorlar o‘rtasida o‘tkazildi. Sovrin jamg‘armasi 50 ming dollarni tashkil etdi. Asosiy guruhda 10 ta davlatdan 45 nafar shaxmatchi musobaqalashdi. O‘zbekiston bayrog‘i ostida 19 nafar shaxmatchi, shu jumladan, Nilufar Yoqubboyeva ham ishtirok etdi.

Turnirning birinchi yarmidan so‘ng peshqadamlik kutilmaganda qozog‘istonlik xalqaro darajadagi shaxmat ustasi, reytingda bor-yo‘g‘i 15-o‘rinni egallab turgan 18 yoshli Kseniya Balabayeva qo‘liga o‘tdi.

Biroq oltinchi turda rossiyalik Valentina Gunina — kuchli erkak grossmeysterlarga qarshi bahslarda ham yaxshi natija ko‘rsatib kelayotgan tajribali shaxmatchi avvaliga u bilan tenglashib, keyin ortda ham qoldirdi. Valya (muxlislari erkalab shunday atashadi) o‘zining jangovar tabiati, yorqin o‘yin uslubi va jumboqli murakkabliklarga ishqibozligi bilan mashhur. To‘rtinchi raundda Balabayeva bilan bahsdagi mag‘lubiyat uning ruhini tushirmadi. Keyingi bahslarda Gunina 5 dan 4,5 ochko jamg‘ardi va chempionat “oltinini” qo‘lga kiritdi.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Valentina Gunina. Foto: Telegram.

“Kumush” Nilufar Yoqubboyevaga nasib etdi. Avvaliga g‘alabani durang bilan almashtirgan sportchi qizimiz peshqadamlarga yaqin, biroq ularning safida emasdi. Shunga qaramay, so‘nggi tur oldidan u Guninadan bir ochko, yana to‘rt nafar sportchidan yarim ochko ortda qoldi.

гuлрuҳбегим toҳиржоноva, terma jamoa, o‘zбекисtoн, shaxmat, shaxmatchi qizлар

Nilufar Yoqubboyeva. Foto: Telegram.

Turnirning reyting favoriti armanistonlik Elina Daniyelyan ustidan qozonilgan g‘alaba Yoqubboyevaga chempionatda ikkinchi o‘rinni olib keldi.