O‘zbekiston Senati “Tashabbusli budjet” uchun ayrim soha vakillarining ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilingani holati nazoratga olinganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, shu munosabat bilan mazkur masala Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan o‘rganilmoqda.

“Majburiy tarzda biror-bir mehnatga jalb etish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan yoki mazkur holatdan xabardor bo‘lgan yurtdoshlarimizni mk@senat.uz, 1176 hamda 1092 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishlarini so‘raymiz. Murojaat tezkorlik bilan o‘rganilib, zarur choralar ko‘riladi. Murojaatchining roziligisiz shaxsiga doir biron-bir ma’lumot oshkor qilinmasligi kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda.

“Ochiq budjet” uchun joriy ovoz berish 7-aprelga qadar davom etadi. Birinchi mavsumda fuqarolarning loyihalarini moliyalashtirish uchun 1,7 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Ovoz yig‘ish jarayonlariga start berilgach, ayrim davlat tashkilotlarida xodimlarga ovoz to‘plash majburiyati yuklatilayotgani haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi.

Jumladan, Sirdaryo va Surxondaryodagi maktablarda o‘qituvchi va ota-onalar ham ovoz yig‘ishga majburlanayotgani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.

Shundan so‘ng vazir Hilola Umarova o‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, holatlar bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlangan.

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida esa o‘quvchilari “Ochiq budjet” loyihasida ovoz to‘plashga SIM-karta sotib olish uchun pul yig‘ishga jalb qilingan maktab direktori ishdan bo‘shatilgan. Viloyat hokimi haqiqatan ham ehtiyoj bo‘lsa, maktabni mahalliy budjet hisobidan jihozlash bo‘yicha topshiriq bergan.

Telegram`dagi Habikatura kanali yuqoridagi holatga atab karikatura e’lon qilgan.

open budget, majburiy меҳнат, одам savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish komissiyasi, ташаббусли budjet