O‘zbekiston Oliy sudi shanba kuni jamoatchilik orasida keng rezonanslarga sabab bo‘lgan Xorazm viloyatidagi oilaviy mehribonlik uyida 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchining mansabdor shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani holatiga izoh berdi.

2022-yil 6-sentabr kuni Dilmurod Otamuratov raisligida o‘tgan jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Xiva tumani sudi Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga nisbatan hukm chiqargan. Biroq zo‘ravonlikka qarshi loyihasi bu haqda xabar bermaguncha — qariyb 7 oy davomida jamoatchilik bu ish haqida bilmagan.

Avvalroq Oliy sud matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ish sudda yopiq tarzda ko‘rilgani, shu sababli jarayon tafsilotlarini oshkor etib bo‘lmasligini ma’lum qilgandi. Shunga qaramay, ish tafsilotlari Oliy sud saytida topilgan. Ayblanuvchilarning ismlari ham mashhur blogerlar tomonidan aniqlanib, ommaga oshkor etilgan.

Oliy sudning rasmiy ma’lumotida mehribonlik uyi rahbari (1979-yilda tug‘ilgan) 5,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgani hamda 1 yilga davlat ishtirokidagi korxona, tashkilot, muassasalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilingani tasdiqlangan. Unga Jinoyat kodeksining “18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi”, “Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish” va “Mansab soxtakorligi” moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Viloyat adliya boshqarmasi (1979) va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limining (1984) sobiq boshliqlari “Shaxsning 16 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish” va “16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish” moddalari bilan aybli deb topilgan hamda 1,5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini olgan. Bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish, shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etish taqiqlangan.

Yulduz Xudaybergenova hamda Oybek Masharipov va Anvar Kuryazovlarning himoyachisi birinchi instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgan. 27-dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati sudi sudlov hay’atining apellyatsiya instansiyasi Xiva tumani sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Oliy sud “Taraflarga apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat qilishi, prokuror protest keltirishi mumkinligi tushuntirilgan”, — deb ta’kidladi. Shu kungacha Oliy sudga kassatsiya tartibida protest yoki shikoyat kelib tushmagan.

“Ushbu jinoyat ishi Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida ko‘rilgandagina yuqoridagi sud qarorining qonuniyligi, adolatliligi va asosliligiga huquqiy baho berilishi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.