O‘zbekiston viloyatlaridan biridagi oilaviy mehribonlik uyi rahbari 3 nafar voyaga yetmagan tarbiyalanuvchi qizni 10 oy davomida viloyat adliya boshqarmasi va tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagani aytilmoqda. Bu haqda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.

Mehribonlik uyi rahbari va ikki bo‘lim boshliqlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan ishni ko‘rib chiqqan sud majlisi 2022-yil sentabr oyida bo‘lib o‘tgan.

Loyihaga ko‘ra, oilaviy mehribonlik uyi rahbari o‘z vasiyligidagi 3 nafar qiz (Aziza, Ra’no va Dilya — ismlar o‘zgartirilgan)ni tanlab olgan va 10 oy davomida (2021-yil may — 2022-yil fevral) moddiy rag‘bat evaziga turli erkaklar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan.

“Masalan, 2021-yil may oyi boshida u o‘sha paytda hali 16 yoshga to‘lmagan Azizani tanlab, tanishlaridan biri bilan jinsiy aloqaga kirishga majburlagan. Qiz bunga qarshilik qilganda mudira oshxonadan o‘qlov olib keltirib, barcha bolalarning ko‘z o‘ngida qizning kichik ukasini kaltaklay boshladi. Qizning irodasini sindirib, mudira keyinchalik uni o‘zi aytgan erkaklar bilan yotishga majbur qilib kelgan”, — deb yozadi Nemolchi.uz.

Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i mudiraning muammolarini hal qilishda o‘z vakolatlarini ishga solishga va’da berib, 2021-yil aprel oyida unga xayriya sifatida printer sovg‘a qilgan (qurilma viloyat adliya boshqarmasi balansida bo‘lgan, ishlatilgan, keyinchalik yaroqsiz holga kelgan).

“Bunday “xayriya”dan bir necha hafta o‘tgach, erkak mehribonlik uyi rahbaridan unga jinsiy ehtiyojlarini qondirish uchun qiz berishni talab qildi. Shunda mudira 17 yoshli yetim qiz Ra’noni tanladi va uni och qoldirib, boshqa bolalardan ajratib, tashqariga chiqishini taqiqlab qo‘ydi, keyin viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i unga 250 ming so‘mlik sport oyoq kiyimi olib bergani uchun u bilan jinsiy aloqa qilishga majbur ekanini aytdi. Erkak qiz bilan qabih ishlari uchun adliya boshqarmasi tomonidan viloyat adliya boshqarmasi xodimlariga xizmat uyi sifatida ajratilgan xonadondan foydalangan”, — deyiladi loyiha materialida.

Oradan bir oy o‘tib, 2021-yil iyun oyida u yana mudiradan qiz talab qilib, 15 yoshli Aziza bilan ham shu xonadonda birga bo‘lgan.

“Voqealar qayta-qayta takrorlanadi… Darhaqiqat, o‘n oy davomida viloyat adliya boshqarmasining xizmat xonadonidan viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i va voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida jinsiy aloqa maydoni sifatida foydalanilgan”, — deb yozadi Nemolchi.uz.

Favqulodda vaziyatlar bo‘limining tuman bo‘limi boshlig‘i ham mehribonlik uyi rahbariga uning muammolarini hal qilishda yordam berishini aytgan. May oyi boshida homiylik sifatida bolalar uchun divan, shkaf, oshxona stoli sovg‘a qilgan va bolalarga turli shirinliklar olib kelgan.

“Buning evaziga 2021-yil iyun oyi boshida u ham jinsiy aloqa qilish uchun qiz talab qilib, mehribonlik uyi yotoqxonasida yuqorida tilga olingan 17 yoshli yetim Ra’no bilan yotib chiqadi. Iyun oyining oxirida u mehribonlik uyi rahbariga 200 ming so‘m berib, yana shu qiz bilan yotadi. Keyin esa mehribonlik uyiga oziq-ovqat va ichimliklar olib keladi va buning evaziga 15 yoshli Azizani jinsiy aloqa qilishga majburlaydi. Qizlar u bilan bir necha bor jinsiy aloqa qilishga majbur bo‘lishdi va uchrashuvlar bolalar uyining o‘zida ham, boshqa joylarda ham bo‘lib o‘tdi”, — deyiladi loyiha materialida.

Nemolchi.uz voyaga yetmaganlar qaram holatda bo‘lgani va shu bois jinsiy aloqaga o‘z ixtiyori bilan va ongli ravishda rozilik bera olmasligini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, sud jarayonida barcha ayblanuvchilar “qizlar buni o‘z ixtiyori bilan qilgani, ularni hech kim majburlamaganini” aytgan.

sentabr oyida birinchi instansiya sudi mehribonlik uyi rahbarini Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi), 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) bo‘yicha 5 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan.

Adliya boshqarmasi boshlig‘i va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tuman boshqarma boshlig‘i Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi (Shaxsning 16 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan holda u bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) va Jinoyat kodeksining 128−1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish)ning eski tahririda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Ularning har ikkisiga 1,5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Bu vaqt davomida ularga 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqish, shuningdek, probatsiya organlarini ogohlantirmasdan yashash joyini o‘zgartirishlari va yashash tumani chegaralarini tark etish taqiqlanadi.

2022-yilning dekabr oyida apellatsiya instansiyasi sudi sud qarorini o‘zgartirishsiz qoldirgan.

“Yuqorida tasvirlangan holatda ularga nisbatan yetarli jazomi? Afsuski, hatto idoralar xodimlari orasida ham o‘zlari buzuq bo‘lgan voyaga yetmagan qizlar borligiga ishonadiganlari bor, qizlar erkaklarga osilib, jinsiy aloqa qilishni xohlasharmish. Hech kim sabablar haqida o‘ylashni xohlamaydi. Mamlakatimizda rozilik yoshi 16 yoshdan boshlanishini hamma unutgan ko‘rinadi. Bu shuni anglatadiki, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan har qanday jinsiy aloqa nomusga tegish deb hisoblanishi kerak”, — deydi Nemolchi.uz.

Jinoyat kodeksining aybdorlarga qo‘llangan moddalari:

  • Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Jinoyat kodeksining 128−1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoxud mulkiy manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan odam savdosi) 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi “g” bandi (Mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Gap Xorazm viloyati adliya boshqarmasi va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutasaddilari haqida ketmoqda, deb xabar qildi “Gazeta.uz” manbalari.

Oliy sud sayti xabariga ko‘ra, Jinoyat kodeksining ko‘rsatilgan moddalari bilan ish 2022-yil sentabr oyi boshida Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi sudyasi Dilmurod Otamuratov tomonidan ko‘rib chiqilgan. Ish bo‘yicha ayblanuvchilar mehribonlik uyi rahbari Yulduz Xudaybergenova, Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazov va adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipovlar bo‘lgan.

Qayd etish kerakki, Oybek Masharipov, shuningdek, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Xorazm viloyati idoralararo komissiyasi a’zosi ham hisoblanadi.

Oliy sud matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ish sudda yopiq tarzda ko‘rib chiqilgan, shu sababli jarayon tafsilotlarini oshkor etib bo‘lmaydi.

Adliya vazirligi munosabati

Vazirlik axborot xizmati o‘z tizimidagi xodim bilan bo‘lgan voqeaga munosabat bildirar ekan, hududiy boshqarma rahbarining harakatlari “na qonunlarga, na axloq va qadriyatlarga mos kelmasligi”, ushbu jinoiy harakat haqida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan vaqtidayoq uning lavozimdan ozod etilganini ma’lum qildi.

“Qonunchilikka ko‘ra, sudlar o‘z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda olib boradi, o‘z hukm-qarorlarini mustaqil ravishda chiqaradi. Shu sababli Adliya vazirligi sobiq xodimga nisbatan sud hukmini sharhlash vakolatiga ega emas”, — deyiladi munosabatda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi munosabati

Vazirlik 2022-yilda tergov ishlari olib borilayotgan vaqtda ushbu xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilganini bildirdi. “Uning keyingi taqdiri bilan vakolatli organlar shug‘ullangan”, — deya ta’kidlanadi xabarda.