O‘zbekistonda ish haqi va pensiyalarni 2023-yilda yana oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil uchun tasdiqlangan Davlat budjeti parametrlarida pensiyalarni 1-iyundan 12 foizga, ish haqini esa 1-oktabrdan 10 foizga oshirish uchun 6,7 trln so‘m yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

Jahon bozorida oltin va misning prognozga nisbatan qimmatlashgani (4,5 trln so‘m qo‘shimcha daromad kutilmoqda) va bojxona tushumlarining o‘sishi (qo‘shimcha 3 trln so‘m) munosabati bilan ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini bir emas, balki ikki marta oshirishga qaror qilingan.

Birinchi o‘sish haqida allaqachon xabar qilingan: 1-apreldan pensiya va nafaqalar o‘rtacha 7 foizga, 1-maydan esa budjet sohasi xodimlarining ish haqi (davlat budjetining qo‘shimcha xarajatlari 2,2 trln so‘mni tashkil etadi) oshadi.

Ikkinchi o‘sish 1sentabrdan rejalashtirilgan — davlat sektori xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar yana 10 foizga (qo‘shimcha 5,6 trln so‘m) oshishi kerak.

2023-yilda ish haqi va pensiyalarning ikki baravar oshishi hisobiga umumiy o‘sish o‘rtacha 17,7 foizni tashkil etadi (ilgari 10−12 foizni tashkil etish rejalashtirilgan edi). Natijada, ish haqini indeksatsiya qilish prognoz qilingan inflyatsiya darajasidan (10% doirasida) yuqori bo‘ladi.

Avvalroq o‘sish 6,5 mln fuqaroga — 4,4 mln nafaqaxo‘r va 2,1 mln davlat sektori xodimlariga ta’sir etishi haqida yozgan edik.

“Buning natijasida, masalan, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 30-maktab o‘qituvchisining maoshi may oyida 4,2 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mga, sentabr oyidan 4,9 mln so‘mga oshadi. Buxoro viloyati Kogon tumani tibbiyot birlashmasi laboratoriya vrachining maoshi esa 3 mln so‘mdan 3,2 mln so‘mgacha, sentabrdan boshlab esa 3,6 mln so‘mgacha etib belgilandi”, — deya misollar bilan tushuntirdi Umid Obidxo‘jayev.