31-mart kuni 2010-yilgacha bo‘lgan davrda olingan haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirishning so‘nggi kuni. 1-apreldan boshlab 2010-yilgacha berilgan haydovchilik guvohnomalari o‘tmaydi va haydovchi jarimaga tortilishi mumkin. Jarimasi BHMning 1 baravar miqdorida — 300 ming so‘m bo‘ladi.

Haydovchilik guvohnomasini uydan turib Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali olish mumkin.

Buning uchun (my.gov.uz) orqali buyurtma berish zarur. Buyurtmada:

  • bo‘sh qatorlar shaxsiy ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi;
  • tegishli bandlar tanlanadi;
  • yangi haydovchilik guvohnomasi yetkazib beriladigan manzil ko‘rsatiladi;
  • mobil telefon yoki kompyuter orqali shaxsiy imzo qo‘yladi.

So‘nggi qadamda invoys (hisob-faktura) shakllanadi va BHMning 70 foizi (210 ming so‘m) miqdorida hamda pochta xizmati uchun 25 ming so‘m to‘lov amalga oshiriladi.

Markaz xodimi kelib tushgan buyurtmani ko‘rib chiqib, chop etgan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasini pochta xizmatiga taqdim etadi. Xizmat tomonidan ikki ish kunida manzil bo‘yicha yetkaziladi va arizachidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va talon olinib, yangisi taqdim etiladi. Pochta xizmati eski guvohnoma va talonni DXMga topshiradi.

Adliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, 2023-yil 4-yanvardan 28-mart holatiga DXMlar orqali eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirilganlar soni — 92 660 tashkil etgan.

haydovchilik guvohnomasi

Foto: Adliya vazirligi

IIV 4-yanvar holatiga ko‘ra 2 mlndan ortiq “prava”, 557 mingdan ortiq “texpasport”lar yangisiga almashtirilmaganini qayd etgandi.

Eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalarni majburiy almashtirish muddati quyidagicha:

  • 2010-yilgacha bo‘lgan davrda berilganlari — 2023-yil 31-martgacha;
  • 2010 — 2012-yillarda berilganlari —2023-yil 30-iyungacha;
  • 2013 — 2015-yillarda berilganlari — 2023-yil 30-sentabrgacha;
  • 2015-yildan keyin berilganlari — 2023-yil 31-dekabrgacha.

YHXXning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, almashtirish muddati o‘tgan haydovchilik guvohnomalari yuqoridagi sanadan so‘ng ham yangilab beriladi. Bunda jarima to‘lash va qayta imtihon topshirish talab etilmaydi.