Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov (bir hafta oldin ushbu lavozimga tayinlangan) 31-mart kuni yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasini “yuqori saviyada” targ‘ib qilish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish bo‘yicha ilgari imzolagan qarorini bekor qildi. Bekor qilingan hujjat to‘rt kun avval — 27-mart kuni qabul qilingan edi.

Qarorning bekor qilinishiga Toshkent adliya boshqarmasining 31-martdagi taqdimnomasi sabab bo‘lmoqda. Taqdimnoma kiritish sabablari ko‘rsatilmagan.

“Gazeta.uz” qarorda poytaxtning mahalla va tumanlarida “Ma’naviyati yuksak va obro‘-e’tiborga ega” nuroniy va oqsoqollar, jamoatchilik vakillari, yoshlar, ta’lim, madaniyat, san’at, adabiyot sohasi vakillari va tashkilotlar rahbarlaridan iborat targ‘ibot guruhlari tuzilishi kerakligini yozgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish hisoblanadi.

Guruhlar tarkibida 1000 dan ortiq kishi, jumladan, oqsoqollar, o‘qituvchi, shifokor, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va boshqalar kiritilishi, ularga 11 mingdan ziyod mahalla faollari yordam berishi kerak edi.

Hokimlar va kengashlar qarorlarini e’lon qiluvchi E-qaror portali ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini targ‘ib qilish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tashkil etish bo‘yicha shunday qarorlar (80 dan ortiq) respublikaning boshqa hududlarida ham qabul qilingan. Biroq bu hujjatlarning aksariyati jamoatchilikdan yashirilgan. “Gazeta.uz” bu masalada Adliya vazirligiga so‘rov yubordi.