27-mart kuni Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi loyihasi mohiyatini aholiga yuqori saviyada yetkazish bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent shahrining mahalla va tumanlarida “Ma’naviyati yuksak va obro‘-e’tiborga ega” nuroniy va oqsoqollar, jamoatchilik vakillari, yoshlar, ta’lim, madaniyat, san’at, adabiyot sohasi vakillari va tashkilotlar rahbarlaridan iborat targ‘ibot guruhlari tuziladi. Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka to‘laqonli yetkazish hisoblanadi.

конституцион ислоҳот, конституцияга o‘zgartirishlar, targ‘ibot guruhlari

конституцион ислоҳот, конституцияга o‘zgartirishlar, targ‘ibot guruhlari

Deputat Toshpo‘lat Matiboyev yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazish tashviqotida ishtirok etdi. Foto: Mirobod tumani hokimligi.

Hokim O‘zbekistonda siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Toshkent shahridagi jamoat guruhining 21 nafar vakilidan iborat tarkibni tasdiqladi. Unga poytaxt hokimi maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev, Toshkent shahri tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Raxat Nabiyeva, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xotin-qizlar bilan ishlash va targ‘ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi Omila Aripova, “Milliy tiklanish” partiyasi Toshkent shahri kengashi raisi Otabek Jiyanboyev, xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputati Toshpo‘lat Matiboyev, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti rektori Botir Daminov va boshqalar kiritildi.

Guruhga Otabek Jiyanboyev raislik qildi. Guruh vakillari Toshkent shahrining 12 ta tumaniga biriktirilgan.

Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri tumanlari targ‘ibot guruhining 1080 nafar a’zosidan iborat ro‘yxatni ham tasdiqladi. Uning tarkibiga mahalla oqsoqollari va raislari, maktab direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, shifokorlar, poliklinikalar bosh shifokorlari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari, yozuvchi, jurnalist (nafaqada), RWS Optimum rahbari, “Bektemir — spirt eksperimental zavodi” boshqaruvi raisi, “Toshkentvino” kombinati ijrochi direktori, tuman kengashlari deputatlari, tuman xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, madaniyat va ma’naviyat markazlari rahbarlari, tuman g‘aznachilik bo‘limi boshlig‘i, mehnat faxriylari, O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva va boshqalar kirdi.

конституцион ислоҳот, конституцияга o‘zgartirishlar, targ‘ibot guruhlari

Bektemir tumanidan 70 nafar targ‘ibot guruhi a’zosi tasdiqlangan bo‘lsa, Mirzo Ulug‘bekda bu ko‘rsatkich — 100, Mirobod — 70, Olmazor — 100, Sergeli — 100, Uchtepa — 100, Chilonzor — 100, Shayxontohur — 100, Yunusobod — 100, Yakkasaroy — 70, Yangihayot — 70, Yashnobod — 100 nafarni tashkil etdi.

Bundan tashqari, 11 ming nafardan ortiq mahalla faollari, jumladan, ko‘cha boshi, oqsoqollar, uy raislari (domkomlar) va boshqalar tashviqot ishlariga yordam beradi.

конституцион ислоҳот, конституцияга o‘zgartirishlar, targ‘ibot guruhlari

Toshkentning Olmazor tumanidagi tashviqot tadbiri.

Siyosiy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni samarali tashkil etish uchun mahalliy sektor rahbarlari mas’ul etib belgilandi.

Avval xabar berganimizdek, 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Konstitutsiya bo‘yicha referendum arafasida O‘zbekiston hududlari bo‘ylab “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari, konsert dasturlari o‘tkazilmoqda. Ularda estrada yulduzlari, sportchilar, davlat idoralari vakillari, jamoat arboblari, tadbirkorlar chiqish qilib, asosiy qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar, o‘tmishdagi muammolar va amaldagi prezident davrida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida so‘z yuritmoqda.

Bundan tashqari, mart oyining o‘rtalaridan boshlab #befarqemasman xeshtegi ostida jamoat arboblari, shifokorlar, talabalar, partiya a’zolari, san’atkorlar va boshqalarning tashviqot videolari e’lon qilinmoqda. Shu kabi videolar tuman hokimliklari kanallarida ham paydo bo‘lmoqda. JU Casting Agency kanalida Konstitutsiya haqida turli xil ijtimoiy roliklar suratga olish bo‘yicha rollar uchun kasting e’lon qilindi: tadbirkor, o‘qituvchi, mahbus, shifokor, quruvchi va boshqalar. Rollar uchun 100−200 ming so‘m taklif qilishgan. “Davlat loyihasi bo‘lgani uchun budjet kichik, lekin ular barcha davlat kanallarida namoyish etiladi”, — deyiladi xabarda. Keyinchalik ushbu e’lonlar kanaldan o‘chirib tashlangan.

конституцион ислоҳот, конституцияга o‘zgartirishlar, targ‘ibot guruhlari

Hokimlar va kengashlar qarorlarini e’lon qiluvchi E-Qaror portaliga ko‘ra, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi targ‘iboti yuzasidan guruhlarni tashkil etish bo‘yicha boshqa viloyatlarda ham shunday qarorlar (80 dan ortiq) qabul qilingan. Biroq bu hujjatlarning aksariyati jamoatchilikdan yashirilgan. “Gazeta.uz” Adliya vazirligiga bu bo‘yicha so‘rov yubordi.

“Referendum to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari referendum o‘tkazilishini yoqlab yoki unga qarshi, referendumga qo‘yilayotgan qonun loyihasi, amaldagi qonun yoki boshqa masalani yoqlab yoki unga qarshi moneliksiz tashviqot olib borishga haqlidirlar.

Tashviqotni fuqarolarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlari bundan mustasno), shuningdek, pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Referendum o‘tkaziladigan kunda va referendumni o‘tkazishga bir kun qolganda tashviqot yuritishga yo‘l qo‘yilmaydi.