29 mart kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida O‘zbekistonda birinchiligi aytilgan avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobchaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.

Tumanning Lokomotiv ko‘chasida joylashgan ushbu shoxobcha erkaklar, ayollar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan hojatxonalar, yuvinish xonasi hamda xodimlar uchun mo‘ljallangan xonani o‘z ichiga olgan bo‘lib, 24/7 rejimida faoliyat yuritadi.

Uni qurgan tadbirkor Kamoliddin Danaboyevning so‘zlariga ko‘ra, boshqa shoxobchalardan asosiy afzalligi shoxobchaning avtomat rejimda ishlashi va zamonaviy sanitar-gigiyenik moslamalar bilan jihozlanganligidir.

«Shoxobchani qurishda Xitoy, Belarus, Rossiya kabi xorijiy davlatlardan keltirilgan zamonaviy texnika vositalaridan foydalandik. Har bir jarayon uchun alohida vaqt belgilangan. Agar, masalan, hojatxonaga kirgan fuqaroning salomatligida biror muammo yuzaga kelsa yoki boshqa sabab bilan uzoq qolib ketsa, signal chalinadi va ogohlantiriladi. Shuningdek, ayollar hojatxonasida alohida avtomatik tarzda ishlaydigan savdo burchagi tashkil etilgan. Bunda ayollar farzandlari uchun pampers va shunga o‘xshash narsalarni xarid qilishlari mumkin», — dedi u.

Madaniyat va turizm vazirligi vakili Nizomjon Islomovning «Gazeta.uz»ga tushuntirishicha, hojatxonaga kirishdan avval naqd pul yoki QR kod orqali 5000 so‘m to‘lovni amalga oshirishingiz kerak bo‘ladi va shundagina eshik ochiladi.

«U inson omilisiz boshqariladi. Ya’ni, foydalanib bo‘lganingizdan so‘ng suvni o‘zi tushiradi, qo‘lingizni yuvish uchun ham biror tugmani bosmaysiz, o‘zi suv tutadi. Qolaversa, bu yerda yuvinish xonasi ham bor, uning narxi 50 ming so‘m», — dedi vazirlik xodimi.

Ma’lumot o‘rnida, butun respublika bo‘ylab 2017 yilda jami 200 ta sanitar-gigiyenik shoxobcha faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ularning soni 7,5 mingdan oshgan. Shulardan 3,9 mingtasi yangi qurilgan, 3,6 mingtasi qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan.