Samarqandda 19,8 kg opiy giyohvandlik vositasining kontrabandasiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati. Bu DXXning viloyat boshqarmasi hamda Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari o‘tkazgan tezkor-qidiruv tadbirlarida ma’lum bo‘ldi.

Urgut tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasida 1997 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan 19 kg 799 gr opiy moddasini olib o‘tayotganida ushlangan. Giyohvand modda protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Hozirda fuqaroga nisbatan DXX viloyat bo‘yicha boshqarmasi Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-moddalari (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

U bilan jinoiy aloqada bo‘lganlarning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda, deyiladi xabarda.