Qator oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlarni olib kirishda bojxona to‘lovlarini nollashtirish ushbu turdagi mahsulotlarning import narxlarining 1 foizdan ko‘proqqa pasayishiga olib keladi. Aholidan tushayotgan mablag‘lar esa iqtisodiyotda talabning o‘sishini rag‘batlantiradi.

Bu haqda 28 mart kuni bo‘lib o‘tgan brifingda prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ma’lum qildi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov so‘nggi yillarda oziq-ovqat inflyatsiyasi yuqori darajada qolayotganini ta’kidladi. Transport, o‘g‘it va yonilg‘i narxlarining oshishi ham oziq-ovqat narxiga ta’sir qilishda davom etmoqda. Shu munosabat bilan prezident 34 turdagi (yana 2 tasi — 2023 yil 1 sentabrgacha) oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishda 2024 yilgacha bojlarni nolga tenglash, shuningdek, fuqarolar uchun to‘langan QQS summasini ijtimoiy reyestrdan qaytarish tartibini joriy etish bo‘yicha qaror imzoladi.

ITIM markazi rahbari Obid Hakimov ushbu mahsulotlar aholi iste’molida eng ko‘p foydalanilayotganini ta’kidladi. 2022 yilda qariyb 900 mln dollarga mazkur mahsulotlar O‘zbekistonga olib kirilib, ular uchun 500 mlrd so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlari to‘langan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim turdagi iste’mol tovarlari uchun bojxona to‘lovlarining nolga tushirilishi ikki yo‘nalish bo‘yicha samara beradi.

«Har doim bojxona bojlari tushganda, mahsulotlarimiz arzonlashadi. Buning evaziga mahsulot ko‘p iste’mol qilinadi. Biz buni savdoni hosil qilish effekti deb ataymiz. Ikkinchisi esa oldin bir mamlakatdan olgan mahsulotimiz boshqa mamlakatda boj sabab qimmatroq bo‘lgani uchun savdoning yo‘nalishi ham o‘zgaradi. Biz ushbu ikki yo‘nalish iste’molchilarga qanday ta’sir ko‘rsatishini hisobga olib, tahlil o‘tkazdik», — dedi u.

Obid Hakimovning fikricha, ushbu turdagi iste’mol tovarlari bo‘yicha to‘lovlarning nolga tushirilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash va kam ta’minlangan xonadonlar iste’molini rag‘batlantirish imkonini beradi.

«Masalan, bitta xonadondagi iste’molga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, oziq-ovqatlarga odatda past yoki o‘rta daromadli uy xo‘jaliklari daromadlarining katta qismi sarflanadi. Jumladan, bular makaron, tuxum, sariyog‘, go‘sht, pishloq, olma va boshqalar. Demak, agar aholining eng zaif qatlamlari faqat kefir sotib olish uchun uy xarajatlarining 5,6 foizini sarflasa, eng yuqori daromadli oilalarda bu atigi 0,7 foizni tashkil qiladi», — deya tushuntirdi ekspert.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ushbu oziq-ovqat mahsulotlariga sarflangan xarajatlarning daromadga nisbati eng yuqori daromadli uy xo‘jaliklariga qaraganda kam ta’minlanganlar uchun 8−10 baravar yuqori.

ITIM ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tovarlarga bojxona to‘lovlarining nolga tushirilishi go‘sht va go‘sht mahsulotlari importini 4,8 mln dollarga, pishloq — salkam 900 ming, yong‘oq — 1,3 mln, olma va nok — 1,9 mln, yangi mevalar — 1,6 mln dollarga, shokolad — 4,7 mln dollarga, qandolat mahsulotlari — 1,2 mlrd dollarga ko‘paytirish imkonini beradi.

«Makroiqtisodiy nuqtai nazardan import hajmining oshishi natijasida aholi tomonidan iste’mol hajmining oshishi va ushbu turdagi mahsulotlarning import narxlarining 1 foizdan ortiq pasayishi kutilmoqda», — dedi Obid Hakimov.

Makroiqtisodiy ta’sirlar

MDH davlatlaridan olib kirilayotgan tovarlarga Erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitimga muvofiq import bojxona to‘lovlari kiritilmaydi. Transport-logistika zanjirlarining buzilishi, asosiy yetkazib beruvchi mamlakatlarda ishlab chiqarishning to‘xtab qolishi sababli O‘zbekiston MDHning erkin savdo shartnomasi a’zosi bo‘lmagan uchinchi davlatlardan import bojxona to‘lovlari stavkalari solingan tovarlarga nisbatan import hajmini oshirdi. Bu, o‘z navbatida, ichki bozorda mahsulot tannarxining oshishiga olib keladi, dedi Obid Hakimov.

O‘rganishlar natijasida 2022 yilda mahsulotlarning MDH davlatlaridan 57 foiz bojsiz, qolgan 43 foiziga esa esa import qilinadigan iste’mol tovarlari uchun bojxona to‘lovlari qo‘llangani aniqlandi.

Bojlarning nolga tushirilishi ushbu tovarlar bo‘yicha iste’mol tovarlari importining o‘rtacha 6,7 foizga oshishiga olib kelishi kutilmoqda. Importning eng katta o‘sishi quyidagi tovarlar guruhlari bo‘yicha kutilmoqda: «boshqa go‘sht va iste’mol qilinadigan go‘sht mahsulotlari», «yangi, sovitilgan yoki muzlatilgan mevalar», «yangi olma, nok va behi», «yong‘oqlar», «qandolat mahsulotlari», «shokolad», «makaron» va «pishloq mahsulotlari».

Shu bilan birga, ushbu mahsulotlarning ichki bozorida import narxlari 1,16 foiz punktga pasayishi kutilmoqda. Bu, shuningdek, turar joy va oziq-ovqat xizmatlari, tashish va saqlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va ulgurji va chakana savdo, shuningdek, axborot va kommunikatsiyalarga biroz kamroq sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Mazkur yangilik aholida 600 mlrd so‘m miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘larni tejash imkonini beradi, bu esa iqtisodiyotdagi ichki talabning 0,45 foiz punktga o‘sishini rag‘batlantiradi va iqtisodiy o‘sishga multiplikativ ta’sir ko‘rsatadi.

Import oqimlariga ta’siri

Savdo oqimiga ta’sir baholansa, Rossiya, Moldova, Qozog‘iston, Belarus va Ukrainadan oziq-ovqat importi kamayadi.

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqidan import hajmi oshishi kutilmoqda. YeI mamlakatlari orasida importning eng katta o‘sishi Polsha, Fransiya va Italiyaga to‘g‘ri keladi. Savdoga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa mamlakatlar Turkiya, Xitoy va Hindistondir.

Ta’kidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy importdagi ulushi qariyb 11,5 foizni tashkil etadi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, O‘zbekiston hukumati proteksionizm siyosatidan voz kechishi kerak.

«Asosiy turdagi oziq-ovqat va iste’mol mahsulotlariga bojlar farovonlik darajasini pasaytirib kelgan ekan, nega shu ishlar, ya’ni hammamizni kambag‘allashtirayotgan bojlarni nollashtirish hozir emas, avvalroq qilinmagan?» — deydi u.

Mutaxassis, shuningdek, «Nega yana yuzlab tovar pozitsiyalari bo‘yicha o‘zbekistonliklarni kambag‘allashtirayotgan, tanlovsiz qoldirayotgan, mahalliylashtirish degan niqob ostiga yashiringan korchalonlar, monopolistlar va oligarxiyani cheksiz boyitayotgan ajdarho bojlarni pasaytirish yo bekor qilish mumkin emas?» — deya savol qo‘ygan.