Germaniya Qurolli Kuchlari Termiz aeroportida xavfsizlik va kuzatuv texnologiyasini xalqaro aviatsiya standartlariga mos ravishda yangilashni moliyalashtirdi. Bu haqda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining Telegram-kanalida xabar berildi.

Ushbu texnologiyalar 12 km dan ortiq uzunlikdagi tashqi to‘siq bo‘ylab, shuningdek, aeroportdagi operatsion markazda o‘rnatiladi. Bular uchun 1 mln yevrodan ortiq mablag‘ ajratildi.

«Joriy hafta Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi harbiy attashesi aeroportdagi montaj ishlarining yakunlanishini shaxsan ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi, — deyiladi elchixona xabarida. — Termiz xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bizda katta taassurot qoldirdi va bunga samarali hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz».

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, 2002−2015 yillarda Germaniya Qurolli Kuchlari Afg‘onistondagi xalqaro missiyasi doirasida Termiz aeroportidan havo transporti uchun strategik markaz sifatida foydalangan.

«Ammo Germaniya Qurolli Kuchlari olib chiqib ketilganidan keyin ham biz zamonaviy xalqaro tijorat aeroportiga aylanish yo‘lida ushbu aeroport bilan chambarchas bog‘liqmiz», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda Tolibon hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Germaniya va qator G‘arb davlatlari Termiz aeroporti orqali Kobuldan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni tashkil etgan edi. Umuman olganda, Germaniya qurolli kuchlari Afg‘onistondan 5300 dan ortiq odamni, jumladan kamida 45 davlat fuqarolarini 37 ta parvozni amalga oshirgan holda evakuatsiya qildi.

Evakuatsiya missiyasi yakunida Germaniya Mudofaa vazirligining sobiq rahbari Annegret Kramp-Karrenbauer O‘zbekistonga tashrif buyurdi va u O‘zbekistonga «juda keskin vaziyatda» ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.