Ijtimoiy tarmoqlarda Buxorodagi istirohat bog‘ida joylashgan Twister attraksionida uchayotgan oila (er-xotin va ularning farzandi) qulab tushgani aks etgan video paydo bo‘ldi.

Buxoro viloyati IIB matbuot xizmatining xabar berishicha, voqea 26 mart kuni tushdan keyin «Somoniylar» istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Jabrlanganlar kasalxonaga yotqizilgan. Xabarda aytilishicha, ularning salomatligi «yaxshi».

«Potrebitel Buxara plyus» Telegram-kanalida yozilishicha, bolaning bosh suyagida yorilish, miya chayqalishi, erkakda qo‘li sinishi, miya chayqalishi, ayolning ichki a’zolari gematomalari, miya chayqalishi, ko‘karishlar qayd etilgan.

Kontexnazorat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, bog‘dagi attraksionlarning holati o‘tgan yilning dekabr oyida o‘rganilgan.

O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, Twister attraksioni statik va dinamik sinovlardan o‘tmagan va tadbirkor undan foydalanishga ruxsatga ega emas. Bundan tashqari, attraksion xavfsizligi uchun mas’ul xodim tayinlanmagan. O‘rganishni o‘tkazgan ishchi guruh kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berib, attraksiondan foydalanishni taqiqlagan.

Taqiqqa qaramay, attraksiondan tegishli kundalik texnik nazoratsiz foydalanilgan, deyiladi xabarda. Inspeksiya attraksionda tekshiruv o‘tkazish niyatida.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro IIB tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.