O‘zbekistonda 18 martdan 7 aprelgacha «Tashabbusli budjet» loyihasining ovoz berish jarayoni ketmoqda. Bunda fuqarolar yashash hududidagi turli ijtimoiy muammolarga barham berish bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning maqsadli taqsimlanishida ishtirok etmoqda.

Fuqarolar ungacha o‘z loyihalariga ko‘proq ovoz to‘plash uchun esa turli usullardan foydalanmoqda. Jumladan, hisobni to‘ldirish, bepul ichimlik ulashish va hatto o‘simlik yog‘ini berish ham kuzatilmoqda. «Gazeta.uz» poytaxtning bir qancha nuqtalarida bo‘lib, mazkur jarayon ishtirokchilariga mikrofon tutdi.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Qayrag‘och MFYda yashovchi o‘smir yigitning aytishicha, ular qishlog‘idagi yo‘llarning dabdalasi chiqqani bois ta’mirlash maqsadida Open budget`ga loyiha kiritgan.

«Bizda aholi soni kam. Shuning uchun Toshkentga kelib, ovoz yig‘yapmiz. Qishloqdoshlar birlashib, homiylar ko‘magida ichimlik suvlarini olyapmiz va ovoz to‘plash jarayonida odamlarga bepul beryapmiz. Bizlar halol ovoz yig‘yapmiz. Bunda yutish kerak, budjetdan pul ajratilgan. Agar buni shunday qo‘yib qo‘ysak, qulay imkoniyatni qo‘ldan boy bergan bo‘lamiz», — deydi u.

Uning qayd etishicha, «Tashabbusli budjet»ga Yakkabog‘ tumanining o‘zidan 300 dan ziyod taklif joylangan, loyihalarni amalga oshirish uchun esa mahalliy budjetdan 12 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

«Bizning loyiha 1,2 mlrd so‘mlik. Hozir hamma ko‘proq ovoz yig‘ishga bel bog‘lagan. Biz sakkizinchi o‘rindamiz, oliy o‘ringa intilyapmiz», — deydi qashqadaryolik yigit.

Boyovut tumanining O‘zbekiston mahallasidagi asfalt yo‘llar loyihasi uchun ovoz yig‘ib yurgan yigitning so‘zlariga ko‘ra, ular ovoz to‘plashda fuqarolarga naqd pul bermoqda.

«Sirdaryo viloyatidanman. Hozir Ramazon oyida hammada holat turlicha bo‘lishi mumkin, odamlarga suv berish noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ovoz berganlar pul bersak, o‘zlari xohlagan narsasini o‘zi ovoladi. Kecha o‘zim 256 ta ovoz yig‘dim. Sakkiz kishi 1500 ta ovoz to‘pladik. Hozir Sirdaryo bo‘yicha ovoz yig‘ishda ikkinchi o‘rindamiz, birinchi o‘ringa 400 ta qoldi. Jami ovoz 5100 ta bo‘ldi», — deydi u.

Uning ta’kidlashicha, qishloq aholisi: fermerlar, hoji otalar o‘z xohishi bilan yo‘llar ta’miri uchun mablag‘ bermoqda. Bu esa ovoz yig‘ish jarayonida fuqarolarga tarqatilmoqda. Bitta ovoz uchun 10 ming so‘m berilyapti.

Qashqadaryodagi ichki yo‘l loyihasi uchun ovoz yig‘ayotganini aytgan fuqaro 100 ta ovozga 100 dollar berayotganini qayd etdi. Ammo u boshqa savollarimizga javob berishni xohlamadi.

Videoreportajning to‘liq variantini Youtube`dagi sahifamizda ko‘rishingiz mumkin.

Materialni Mirolim Isajonov tayyorladi, тасвирчи va montajchi Ma’murjon Obrahmatov.