27 mart, dushanba kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Tadbirda O‘zbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto, iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, shuningdek, keng jamoatchilik, siyosiy, ishbilarmon doiralar vakillari, mahalliy OAV xodimlari ishtirok etdi.

бахтиёр саидов, венгрия, o‘zбекистон elchixonaси

B.Saidov o‘z nutqida O‘zbekiston ochiq, pragmatik, tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotgani, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalar rivojlanib borayotgani, xususan, Vengriya bilan hamkorlikni kengaytirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.

Peter Siyyarto O‘zbekiston elchixonasining ochilishi ikki mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur’atining tasdig‘i ekanini ta’kidladi. Shuningdek, elchixona faoliyati O‘zbekiston-Vengriya munosabatlarini kengaytirish va boyitishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Bungacha O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi, bir vaqtning o‘zida Avstriyadagi elchisi ham bo‘lgan.

Vengriya 2016 yilda Toshkentda elchixonasini ochgan.

O‘zbekiston va Vengriya tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida elchixona ochilishi oldidan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi turli sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha madaniy meros sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.