27 mart kuni AOKAda Bilimni baholash agentligining rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda qoidalarni buzgan abituriyentlar 5−7 yilgacha testdan chetlatilishi mumkinligi borasida 2022 yilda ilgari surilgan rejaning hozirgi holati haqida savol berildi.

Xususan, o‘sha paytda Davlat test markazi nomi ostida faoliyat yuritgan tashkilotning direktori Majit Karimov jarayonlarda qoidalarni buzgan abituriyentlar imtihonda bir necha yil qatnashishi taqiqlanishi mumkinligi haqida gapirgandi.

«Ayni kunlarda Adliya vazirligi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda xorijiy tajribani o‘rganyapmiz. Qo‘pol qoidabuzar abituriyentlarni 5−7 yilgacha keyingi imtihonlarda ishtirok etish huquqini cheklovchi normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda», — degandi u.

Aniqlik kiritilishicha, ushbu taklif Adliya vazirligi tomonidan rad etilgan.

«Bu bo‘yicha Adliya vazirligiga hujjatlar taqdim etilgandi. Vazirlik tomonidan bu „inson huquqlariga to‘g‘ri kelmaydi“ degan vaj bilan to‘xtatildi. Huquq-tartibot bo‘yicha Adliya asosiy vazirlik bo‘lgani uchun biz ularga e’tiroz bildirolmaymiz. Lekin jahon tajribasida bu narsa mavjud», — deya javob qaytardi Majit Karimov.