2023 yil 1 mart holatiga soliq organlarida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomalari soni 307 063 tani tashkil etdi, deya xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi.

Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan 228,5 mingta ijara shartnomalari asosida 21,7 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 53,7 foizga va hisoblangan daromad solig‘i summasi 34,4 foizga oshgan.

Yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan 78,5 mingta ijara shartnomalari asosida 39,8 mlrd so‘m daromad solig‘i hisoblanib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ijara shartnomalari soni 25,9 foizga va hisoblangan daromad solig‘i summasi 35,6 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, talabalar bilan tuzilgan ijara shartnomalari soni — 50 976 ta, ijarada turuvchi talabalar soni — 83 018 nafarga teng.

Soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalarga ijaraga berishdan olgan daromadlari soliqdan ozod etilgan. Ularga daromad solig‘idan 7,8 mlrd so‘m imtiyoz qo‘llanilgan, deya qayd etgan qo‘mita.