Qoraqalpog‘iston sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Jinoyat kodeksining 28, 104, 158, 159, 244 va 244−1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Amanbay Sagidullayev (Norvegiyada yashaydi) va Niyetbay Urazbayevga (Qozog‘istonda) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishga kirishdi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi. Sud jarayoni ochiq tarzda bo‘lib o‘tmoqda.

Ma’lumot uchun:

28-modda: Jinoyat ishtirokchilarining turlari (tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilari deb topiladi.);

104-modda: Badanga qasddan og‘ir shikast yetkazish;

158-modda: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish;

159-modda: O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz;

244-modda: Ommaviy tartibsizliklar;

244−1-modda: Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish.

Amanbay Sagidullayev (1967 yilda tug‘ilgan) “Alg‘a Qaraqalpaqstan” partiyasi yetakchisi, Norvegiyada yashaydi. IIV xabariga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddalari (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205 (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209 (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bo‘yicha qidiruv e’lon qilingan.

Niyetbay Urazbayev (1967 yilda tug‘ilgan) Qozog‘istonning Mang‘istau viloyati “Allayar jolы” qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi. O‘tgan yilning oktabr oyida Mediazona nashri uning O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani uchun davlatlararo qidiruvga berilgani haqida xabar bergan edi.

“Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (Cud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki)ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lgani va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi sababli ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A.Sagidullayev va N.Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazilmoqda. Sud jarayoni yakuni bo‘yicha batafsil axborot beriladi”, — deyiladi Oliy sud xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sud 2022 yil 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha jinoyat ishi bo‘yicha ikki alohida sud majlisi yakunlariga ko‘ra 22 nafar va 39 nafar sudlanuvchiga hukm chiqargan edi.