O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva 22−24 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etdi.

U O‘zbekiston nomidan so‘zga chiqib, suv xo‘jaligi sohasidagi muammolar va yutuqlar bilan o‘rtoqlashdi.

«Orol dengizining inqirozi insoniyatning atrof-muhitga e’tiborsizligi oqibatlari haqida dahshatli eslatmadir. Biroq g‘amxo‘r odamlarning sa’y-harakatlari tufayli u yana umid va yangilanish ramziga aylanmoqda», — dedi prezidentning qizi.

Uning aniqlik kiritishicha, 2018 yilda BMT shafeligida tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosidagi trast fondi mablag‘lari hisobidan qiymati 14 mln AQSh dollaridan ortiq loyihalar amalga oshirilmoqda.

«Mamlakatimiz Orol dengizining qurigan tubini bog‘ga aylantirishni o‘z oldiga ulkan maqsad qilib qo‘ygan va hozirda qariyb 1,5 million gektar maydon ko‘kalamzorlashtirilgan. Davlatimiz ekologik halokatga qarshi kurashishda vaqt qadrini chuqur anglagani bois, bu vazifani tezkor ravishda amalga oshirmoqdamiz», — dedi u.

бмт, орол madaniyati sammiti, саида мирзиёеva

Saida Mirziyoyeva Orol dengizi ekologik halokatiga qarshi kurashda madaniyat va bunyodkorlikning muhimligini ta’kidladi. U O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining yirik ta’lim va madaniy dasturlarni o‘z ichiga olgan «Orol madaniyati sammiti» loyihasini taqdim etdi.

«Bu hudud aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqat turli sohalardagi mutaxassislarga, balki rassomlar va dizaynerlarning ijodiy kuchlariga ham sarmoya kiritdik. Ularning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan biz allaqachon e’tiborni jalb qilishni, yangi hikoyalarni yaratishni va ko‘z ilg‘amas muammolarni ko‘rsatishni boshladik. Biz yangi kelajakni qurish uchun yangi rivoyatni — Orol madaniyati sammitini yaratmoqdamiz», — dedi u.

Sammit faoliyati Orolbo‘yida biomadaniy, madaniy va tillar xilma-xilligini asrab-avaylashga qaratilgan.

«San’at, dizayn va madaniyat ogohlikni oshirish, aloqalarni rag‘batlantirish, kelajakni qurish va pirovardida ijobiy o‘zgarishlar yaratishda hal qiluvchi rol o‘ynashiga ishonchim komil. Shu bois stipendiya dasturlari va grantlarini, fanlararo ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Orolga bag‘ishlangan san’at asarlarini qo‘llab-quvvatlash kabilarni o‘z oldimizga qat’iy maqsad qilib qo‘yganmiz», — dedi Saida Mirziyoyeva.

«Ufqda o‘zgarishlar dengizi bor. Uni biz bilan qabul qilasiz, degan umiddamiz. Biz sizga muammolarimiz haqida so‘zladik. Bizni qo‘llab-quvvatlashingizga ishonamiz va umid qilamiz», — dedi u.

Avvalroq «Gazeta.uz» «Orol orzusi» dasturi, uning doirasida «Orol orzusi» nodavlat tashkilotini tashkil etish, xayriya va donorlar mablag‘larini jalb qilish, «Orol elchilari» tarmog‘ini yaratish va boshqa tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan edi.