Toshkent shahri hokimi lavozimiga Shavkat Umurzoqov tayinlandi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz»ga bir qancha mustaqil manbalar.

U 2018 yilning iyun oyidan buyon «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

Bundan tashqari, Shavkat Umurzoqov (1979 yilda tug‘ilgan) 2013−2018 yillarda Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentiga, 2011 yil iyun oyidan 2013 yil sentabriga qadar esa Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentiga rahbarlik qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda hokimning iste’foga chiqishini ma’lum qilgandi. «Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim», — degandi davlat rahbari.

Uning o‘rniga hokimning birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.