21 mart oqshomida O‘zbekiston bo‘ylab kuchi 4 balldan 6 ballgacha sezilgan zilzila kuzatildi. Android operatsion tizimida ishlovchi mobil qurilmalarning ko‘plab egalariga yerosti silkinishlari ehtimoli borligi haqida bildirishnoma keldi. Bildirishnoma zilziladan taxminan bir daqiqacha avval kelgan, kimlardir bu ogohlantirishni zilzila yuz berishidan bir necha soniya avval qabul qilgan.

Zilzilalar haqida ogohlantiruvchi tizim qanday ishlaydi?

Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Android operatsion tizimiga zilzilalar haqida oldindan ogohlantirish dasturi o‘rnatilgan. U 2020 yil yozida ishlab chiqilgan bo‘lib, ilk bor AQShning Kaliforniya shtatida sinovdan o‘tkazilgan. O‘shanda Google butunjahon zilzilalardan ogohlantirish tizimini ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan edi.

Google’ning qayd etishicha, uning tizimi — zilzilalarni bashorat qilish usuli emas. Ammo u kuchli (magnitudasi 4,5 dan yuqori) zilzila yuz berganini tezda aniqlab, zilzila to‘lqini yetib borguniga qadar yerosti silkinishlari daxl qilishi mumkin bo‘lgan ko‘plab odamlarni tezkor ogohlantirishga qodir. Telefon yoki boshqa qurilmaga kelgan xabar zilzila boshlangani va yerosti silkinishlari, katta ehtimol bilan, ro‘y berishi aniqligini anglatadi.

Kaliforniyada mazkur tizim AQSh Geologiya xizmati va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan ShakeAlert loyihasi asosida ishlaydi. U 1700 ga yaqin seysmometrlardan foydalanadi. AQShdan tashqarida esa boshqa metoddan foydalaniladi. Google’dagilarning aniqlashicha, har bir Android-qurilma mini-seysmometr vazifasini bajarishi mumkin: ularga o‘rnatilgan akselerometr (qurilmaning makondagi holati o‘zgarishlarini o‘lchovchi datchik) seysmik tebranishlarni ham seza oladi.

Google algoritmlari yordamida minglab qurilmalardan to‘plangan ma’lumotlarni qayta ishlab, zilzila haqiqatan ham yuz berganiga ishonch hosil qilish, shundan so‘ng ogohlantirishlarni yuborish mumkin. Tizim zilzila epitsentri va magnitudasini aniqlash imkonini beradi.

2021 yil yozida Google o‘zining zilzilalardan ogohlantirish tizimi geografiyasini kengaytirib, ushbu tizim ishlaydigan mamlakatlar qatoriga O‘zbekistonni ham kiritgan edi. Dastur jami 90 dan ortiq mamlakatda ishlaydi.

Android’ning ishlanmalar bo‘yicha vitse-prezidenti Deyv Byork 2020 yili Janubiy Kaliforniyadagi foydalanuvchilar telefonlari 4,5 magnitudali zilzilani qanday qayd etayotgani aks etgan videoni e’lon qilgandi. Videodagi sariq va qiziq nuqtalar kutilayotgan P- va S-to‘lqinlar (birlamchi va ikkilamchi yoki bo‘ylama va ko‘ndalang to‘lqinlar)ni bildiradi.

O‘zbekistonlik foydalanuvchilarga qanday xabar keldi?

O‘zbekistondagi Android-qurilmalarning egalariga zilzilaning ehtimoliy epitsentr nuqtasi, uning foydalanuvchidan qanchalik uzoqdaligi va taxminiy magnitudasi haqidagi ma’lumotlar berilgan xabar kelgan. Xabarga qanday xavfsizlik choralarini ko‘rish va vayrongarchiliklardan omon qolish yo‘llari haqidagi ma’lumotlar ham ilova qilingan edi.

zilzila, zilzilaga qarshi choralar

Zilzilalar haqidagi bildirishnomalar qanday yoqiladi?

Bildirishnomani qabul qilish uchun qurilma Wi-Fi yoki mobil internetga ulangan bo‘lishi kerak.

Bildirishnomalarni yoqish uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirish kerak:

  • Menyudan “Xavfsizlik va favqulodda holatlar” (“Безопасность и экстренные случаи”)ni, so‘ng “Zilzilalar haqida bildirishnomalar” (“Оповещения о землетрясениях”)ni tanlash kerak.
  • Agar “Xavfsizlik va favqulodda holatlar” bandi ko‘rinmayotgan bo‘lsa, u holda “Joylashuv” (“Местоположение”) bandini, so‘ng “Qo‘shimcha” (“Дополнительно”) va “Zilzilalar haqida bildirishnomalar” (“Оповещения о землетрясениях”)ni tanlash kerak.
  • Shundan so‘ng “Zilzilalar haqida ogohlantirishlar” (“Оповещения о землетрясениях”) parametrini yoqib qo‘yish kerak bo‘ladi.

Yaqin-atrofda bo‘layotgan zilzilalarning hammasi haqida ham bildirishnomalar kelmasligi mumkin. Shuningdek, foydalanuvchiga zilzila haqidagi xabar kelishi, ammo uning o‘zi yerosti silkinishlarini sezmasligi mumkinligini ham istisno qilib bo‘lmaydi.

iOS’dagi qurilmalar

Apple kompaniyasining iPhone telefonlari va iOS operatsion tizimida ishlovchi boshqa qurilmalarida tizimning o‘ziga o‘rnatilgan ogohlantirish tizimi faqat AQShning Kaliforniya va Oregon shtatlarida, shuningdek, Yaponiyada ishlaydi.

Ayni vaqtda zilzilalarni kuzatib borish uchun iPhone tashqi, boshqa ishlab chiquvchilarning dasturlarini o‘rnatish mumkin. Ularni dasturlar do‘konining qidiruv qatoriga “zilzila”, “зилзила”, “землетрясение”, “earthquake” so‘zlarini kiritib, topish mumkin.