O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi. Davlat rahbari nutqini uning matbuot xizmati e’lon qildi.

Prezident so‘z avvalida zilzila talafotlari yuzasidan turk xalqiga va Rejep Tayyip Erdog‘an barcha hamkasblari nomidan chuqur hamdardlik bildirdi.

Shu bilan birga, hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlar xotirasiga alohida hurmat bajo keltirish maqsadida har yili 6 fevral sanasini Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni deb e’lon qilishni taklif etdi.

Bundan tashqari, prezident Turkiyada olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlarni, jumladan, aholi uchun yuz minglab yangi uy-joylar qurish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha reja va dasturlarni alohida e’tirof etdi.

«Barchamiz sizlarga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchimizni yo‘naltirishga tayyormiz. Jumladan, biz zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz. Biz barpo etmoqchi bo‘lgan ko‘rkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma obyektlari kelgusida tom ma’noda yaqin do‘stlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman», — dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning O‘zbekistonda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi ajdodlar qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi. Bu guruhlarga tashkilotning Oqsoqollar kengashi boshchilik qilishi taklif etildi.

«Shu bilan birga, biz bu yil yoz mavsumida Hatay yoshlarini ham O‘zbekistonga taklif etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini, yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish niyatidamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident tomonidan favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tashkilotning tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu platforma doirasida aniq mexanizmlarni joriy etish va muhim choralar ko‘rishni kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa, deb atadi.

«Bunday kutilmagan va og‘ir sinovli paytlarda ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqdir», — deya qo‘shimcha qildi prezident.

So‘z oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish haqida bormoqda.

Shavkat Mirziyoyev ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

«Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga ilmiy va texnologik yangiliklarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq. Shulardan kelib chiqib, tashkilotimiz doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili марказини tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish bo‘yicha tashabbusimizni ma’qullaysiz, deb ishonaman», — dedi u.

Shuningdek, prezident barcha qardosh xalqlar nomidan turk eliga murojaat etib, saylovlarda Rejep Tayyip Erdog‘an nomzodini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Bizning ana shu umumiy istagimiz bugun qabul qilinayotgan Anqara deklaratsiyasida o‘zining ifodasini topishi ayni muddaodir, — dedi Mirziyoyev.

Davlat rahbari so‘zining yakunida ishtirokchilarni kirib kelayotgan Navro‘z bayrami hamda Ramazon oyi bilan tabrikladi.

zilzila, turkий davlatlar tashkiloti, turkия, ҳатай

zilzila, turkий davlatlar tashkiloti, turkия, ҳатай