Bosh prokuratura tomonidan energiya resurslarini talon-toroj qilinishini oldini olishda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus Telegram-bot — @EnergonazoratBot ishlab chiqildi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.

Bot ishga tushirilgandan so‘ng o‘zbek yoki rus tilini tanlash mumkin. So‘ngra hudud tanlanadi, unda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar ko‘rsatilgan. Shu tariqa manzilni ko‘rsatib, huquqbuzarlik bilan bog‘liq fotosuratni yuborish mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 mart kuni Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Unga ko‘ra umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish o‘g‘rilik deb belgilandi. Mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.