14 mart kuni soat 15:15 atrofida Toshkent viloyati Chinoz bekatidagi poyezdning yuk vagoni ustiga chiqib olgan ikki bolani tok urdi, deya xabar bermoqda «O‘ztemiryo‘lovchi» kompaniyasi matbuot xizmati.

Xavfli harakatlar oqibatida bolalar — 2013 yilda tug‘ilgan M.I. va 2012 yilda tug‘ilgan B.B. kontakt tarmog‘ining elektr ta’minoti kuchlanishida tan jarohatlar olgan. Ikkala bola ham zudlik bilan kasalxonaga biri 20 foiz, ikkinchisi 80 foiz tana kuyishi bilan yotqizilgan.

«Ushbu baxtsiz hodisada bolalar mashhur ijtimoiy tarmoqlar uchun videoga tushish va ko‘proq „layk“ olishni maqsad qilganlar», — deyiladi xabarda.

Kompaniya ota-onalardan farzandlari bilan qator xavfsizlik mavzularida tez-tez suhbat qurishlarini, ular bilan temir yo‘l liniyalari yaqinida harakatlanish va ulardan otish qoidalari haqida tushuntirish suhbatlari olib borishlarini so‘radi.