Oliy Majlis Senatining o‘ttiz sakkizinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ma’qullandi.

Senatorlarning 80 nafari qonunni ma’qullashga ovoz berdi, 1 nafari betaraf qoldi, 2 nafari ovoz berishda ishtirok etmadi.

конститuция ислоҳоти, konstitutsiyaviy qonun loyihasi, сенат

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan senator Narimon Umarov qonun loyihasida «mamlakatni uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurt va xalq farovon hayotining kelajakdagi mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatlari ifodalangani, O‘zbekistonning huquqiy davlat sifatidagi konstitutsiyaviy tamoyil mustahkamlangan»ini ta’kidladi.

«Bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan hech kim ustun emasligini ta’minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish va umuman olganda davlat hokimiyati organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun poydevor bo‘ladi», — dedi senator.

Senator yangi Konstitutsiyada «davlat — jamiyat — inson» tamoyilini «inson — jamiyat — davlat», ya’ni «inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish» tamoyiliga o‘zgartirish nazarda tutilganligini ta’kidladi.

Hujjatga ko‘ra, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘la olmaydi.

Inson va davlat organlarining o‘zaro munosabatlaridan kelib chiqadigan qonun hujjatlaridagi noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

Yangi Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosi mamlakatdan chiqarib yuborilishi va boshqa davlatga o‘tkazilishi mumkin emas.

Bundan tashqari, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emasligi («Xabeas korpus» instituti tamoyillari), shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va qamoqqa olish asoslari unga tushunarli tilda tushuntirish kerakligi («Miranda qoidalari») belgilanmoqda.

Hujjatning 7-moddasida ayni bir shaxs muayyan lavozimga ketma-ket ikki muddatdan ortiq saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligi haqida «demokratik» qoida kiritilgan. Bular quyidagi lavozimlar:

  • Qonunchilik palatasi spikeri;
  • Senat raisi;
  • O‘zbekiston prezidenti (amaldagi Konstitutsiyaga muvofiq);
  • Viloyati, tuman va shaharlarning mahalliy kengashlari raisi;
  • hokim;
  • Oliy sud raisi va uning o‘rinbosarlari;
  • Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosarlari;
  • Markaziy bank raisi;
  • bosh prokuror.

Xususan, Konstitutsiyaviy qonunning davlat hokimiyati mansabdor shaxslarining vakolat muddatlari, saylanish (tayinlanish) tartibi va (yoki) shartlarini o‘zgartiruvchi va (yoki) boshqacha tarzda ta’sir qiluvchi qoidalari ushbu Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirgan paytda mazkur lavozimlarni egallab turgan shaxslarga nisbatan qo‘llanilishi yozilgan.

Bundan tashqari, ushbu shaxslar mazkur Konstitutsiyaviy qonun kuchga kirgan paytda ko‘rsatilgan lavozimlarni egallaganligi va (yoki) egallab kelayotganligining surunkali muddatlari sonidan qat’i nazar boshqa fuqarolar bilan teng ravishda Konstitutsiya, shu jumladan ushbu Konstitutsiyaviy qonun tahriridagi Konstitutsiya, talablariga muvofiq ushbu lavozimlarga saylanish (tayinlanish) huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

«Ya’ni, yangi tahriridagi Konstitutsiyasida saylash (tayinlash) tartibi va (yoki) muddati o‘zgartirayotgan barcha davlat hokimiyati mansabdor shaxslariga bu qoida taalluqlidir», — dedi Narimon Umarov.

Oliy Majlis palatalari faoliyatidagi funksiyalarning takrorlanishiga barham berilyapti. Xususan, Bosh vazir va hukumat a’zolarining hisobotlarini eshitish, davlat budjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasi raisining hisobotini eshitish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilanmoqda.

O‘z navbatida, Senat korrupsiyaga qarshi kurashish va monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarini saylash, Bosh prokuror, Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni tasdiqlash, elchilarning hisobotlarini eshitish kabi vakolatlarni kiritilishi Senatning nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlari ustidan nazorat vakolatlarini kuchaytiradi.

Senatning xavfsizlik xizmati organlariga nisbatan vakolatlarini kuchaytirish maqsadida prezident tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish, so‘ngra nomzodni prezident tomonidan tayinlash tartibi o‘rnatilmoqda.

Bundan tashqari, «sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash» maqsadida Sudyalar oliy kengashining barcha a’zolarini Senat tomonidan saylash tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlari raislari lavozimlarini egallab kelmoqda. Konstitutsiyaviy qonuning 6-moddasiga muvofiq, vakolatlarni ajratish Toshkent va viloyatlarda (mahalliy kengashlarga saylovlar natijasiga ko‘ra) 2024 yildan boshlab, tuman va shaharlarda esa — 2026 yil 1 yanvardan amalga oshiriladi.

Senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga qisqartirish rejalashtirilgan. Ushbu qoida 2024 yildagi navbatdagi chaqiriqdan boshlab kuchga kiradi. Shu bilan birga, Senatni shakllantirishning amaldagi tartibi, jumladan, hududlardan teng vakillik huquqi saqlanib qoladi.

Yangi Konstitutsiya loyihasiga muvofiq, Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash vakolatlarini Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o‘tkazish taklif qilinmoqda. Bosh vazir nomzodini parlament quyi palatasiga taqdim etishdan oldin prezident barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar olib borish tartibi joriy etiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlanganidan keyin prezident bosh vazirni lavozimga tayinlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy majlisning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Senatining referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi tegishli qarori qabul qilingan kundan e’tiboran kechi bilan uch kun ichida matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ma’lum qilgandi.

Avvalroq, 10 mart kuni parlament quyi palatasi Konstitutsiya to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri va u bo‘yicha 30 aprel kuni referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgandi.