Prezident o‘zining 10 martdagi farmoni bilan bilan Mehriddin Razzoqovich Abdullayev O‘zbekiston Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Mehriddin Abdullayev (1969 yilda tug‘ilgan) 2020 yil yanvaridan 2023 yil martigacha «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan. Hozirda mazkur kompaniyaga yana Bahodirjon Sidiqov rahbar bo‘lgan.

2017−2020 yillarda O‘zbekiston Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1993) va Toshkent davlat yuridik instituti (2005) bitiruvchisi.

Avvalroq, 2016 yildan buyon Buxoro viloyati hokimining ma’muriy masalalar, huquqni muhofaza qilish organlari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va yoshlar siyosati bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2017 yilda esa hokimliklar boshqaruv tuzilmasi yangilangandan so‘ng viloyat hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2010−2012 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori, 2012−2015 yillarda moliya vaziri o‘rinbosari, 2015−2016 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimlarida ishlagan.

2006−2010 yillarda O‘zbekiston Milliy banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2003−2006 yillarda Markaziy bankning Buxoro viloyati bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.