Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 30 aprel kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha umumxalq ovoz berishi — referendum o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qildi. Bu O‘zbekistonda 1991 yildan buyon o‘tkazilgan beshinchi plebissit bo‘ladi. «Gazeta.uz» bungacha o‘tkazilgan to‘rt referendum va ularda ko‘rilgan masalalar haqida qisqacha ma’lumot beradi.

Referendum o‘zi nima?

Bevosita demokratiyaning muhim vositasi hisoblangan referendum umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shaklidir. Referendumning saylovdan asosiy farqi — referendum o‘tkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro‘yxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala — qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakat xalqaro maqomiga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biror bir savol qo‘yiladi.

Amaldagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida «jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etilishi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yilishi» qayd etilgan. «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, «referendum O‘zbekiston qonunlarini va boshqa qarorlarni qabul qilish maqsadlarida jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan fuqarolarning umumxalq ovoz berishidir».

Konstitutsiyaning 127-moddasiga muvofiq, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish ham «jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari»dan biri hisoblanadi. Referendum to‘g‘risidagi qonunda ta’kidlanilishicha, O‘zbekistonda referendumlarda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, bu qarorlar «boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, […] faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin.

1991 yil 17 martdagi referendum

O‘zbekistondagi dastlabki referendum hali respublika mustaqillikka erishmagan davrda o‘tkazilgan. 1991 yil 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq ovoz berishi nafaqat O‘zbekiston uchun, balki u bir qismi bo‘lgan SSSR uchun ham tarixda birinchisi edi. «SSSRni saqab qolish bo‘yicha umumittifoq referendumi» nomi bilan tarixga kirgan mazkur jarayonda saylovchilardan bir savolga «Ha» yoki «Yo‘q» deb javob berish so‘ralgan:

«Siz Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqini har qanday millatga mansub insonning huquqi va erkinliklari kafolatlangan teng huquqli suveren respublikalarning yangilangan federatsiyasi sifatida saqlab qolish zarur deb hisoblaysizmi?» (faqat Qozog‘istonda savol quyidagicha bo‘lgan: «Siz SSR Ittifoqini Teng huquqli suveren davlatlar ittifoqi sifatida saqlab qolinishi zarur deb hisoblaysizmi?»).

Referendum o‘sha vaqtda SSSR tarkibida deb hisoblangan respublikalardan faqat Rossiya, Belarus, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda o‘tkazilgan. Latviya, Litva, Estoniya, Moldova, Armaniston va Gruziya referendumni o‘tkazishdan bosh tortgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, SSSR aholisining 76,4 foizi, o‘zbekistonliklarning esa 95,4 foizi SSSRning saqlab qolinishi uchun ovoz bergan.

1991 yil 29 dekabrdagi referendum

1991 yil martida aholining mutlaq ko‘pchiligi (rasmiy ma’lumotlar bo‘yicha) SSSR tarkibida qolishi uchun ovoz berganiga qaramay, avgustdagi GKCHP isyonidan so‘ng, 1991 yil 31 avgustda O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilinadi. 8 dekabr kuni Belaya Veja o‘rmonida Rossiya, Ukraina va Belarus tomonidan SSSRni tugatish va Mustaqil davlat hamdo‘stligini tuzish haqida shartnoma imzolanadi. 21 dekabr kuni Olmaotadagi prezidentlar uchrashuvida Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston MDHga qo‘shilgani e’lon qilingan. 25 dekabr kuni Mixail Gorbachyov MDH tuzilgani munosabati bilan SSSR prezidenti lavozimidan ketishini e’lon qilgan. 26 dekabr kuni esa SSSR parlamentining yuqori palatasi MDH tuzilgani munosabati bilan SSSRni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ham yuridik jihatdan, ham amalda mustaqillik qo‘lga kiritib bo‘linganiga qaramay, 1991 yilning 29 dekabr kuni «Siz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinganini qo‘llab-quvvatlaysizmi?» degan savol bilan referendum o‘tkazilgani hozir g‘alati ko‘rinadi. Ammo Oliy Kengashi bu referendumni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni 1991 yilning 18 noyabr kuni — SSSRning tugatilishi va MDHning tuzilishi yuz bergan dekabrdagi voqealardan avval qabul qilgan edi. O‘zbekistondagi ikkinchi referendum mamlakat tarixidagi muqobillik asosida o‘tkazilgan birinchi umumxalq prezident saylovi bilan bir vaqtda o‘tkazilgan (prezident saylovida Islom Karimov ishonchli g‘alabaga erishgan).

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur referendumda qatnashgan salkam 10 mln o‘zbekistonlikning 98,26 foizi mustaqillikni qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan.

1995 yil 26 martdagi referendum

1993−1995 yillar — prezidentlarning vakolatlarini tasdiqlash yoki muddatini uzaytirish bo‘yicha referendumlar trendga chiqqan yillardir. 1993 yil avgustida Ozarbayjonda prezident Abulfaz Elchibeyga ishonch bildirish bo‘yicha, 1994 yil 15 yanvarda Turkmanistonda prezident Saparmurot Niyozovning vakolat muddatini 2002 yilgacha uzaytirish bo‘yicha, 1994 yil 30 yanvarda Qirg‘izistonda prezident Asqar Akayevning vakolatlarini tasdiqlash (ishonch bildirish) bo‘yicha (Akayev keyinchalik, 2003 yilda vakolat muddatini 2 yilga uzaytirish bo‘yicha referendum o‘tkazgan), 1995 yil 29 aprelda Qozog‘istonda prezident Nursulton Nazarboyevning vakolat muddatini 2000 yil 1 dekabrgacha uzaytirish bo‘yicha referendumlar o‘tkazilgan.

Bu orada O‘zbekistonda ham Turkmaniston va Qozog‘istondagi kabi mavzuda referendum o‘tkazilgan. 1991 yil dekabrida besh yil muddatga prezident etib saylangan Islom Karimovning vakolatlari 1996 yil dekabrida yakuniga yetishi kerak edi, ammo «xalqning ko‘plab iltimoslari»dan kelib chiqib Oliy Majlis amaldagi davlat rahbarining vakolat muddatini 2000 yilgacha uzaytirish masalasida referendum o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilgan. 1995 yil 26 mart kuni bo‘lib o‘tgan referendumda qatnashgan 11,24 mln saylovchining 99,6 foizi — «rekord darajada ko‘pchilik» — Islom Karimovning 2000 yilgacha prezidentlik qilishini yoqlab, ovoz bergan. Prezident mazkur referendum natijalarini ikkinchi muddatga qayta saylanish deb e’tirof etishi haqida bayonot bergan (biroq 2000 yilgi saylovlarda uning nomzodi yana ko‘rsatilgan).

2002 yil 27 yanvardagi referendum

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga salkam 10 yil davomida referendum o‘tkazishni talab qilmaydigan kichik o‘zgartishlar kiritilgan. 2001 yili prezident Islom Karimov O‘zbekiston 250 deputatdan iborat amaldagi bir palatali parlament o‘rniga ikki palatali Oliy Majlisni joriy etish vaqti kelganini ta’kidlagach, shu yilning 6 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda xalq noiblari 2002 yilning 27 yanvarida umumxalq ovoz berishini o‘tkazish haqida qaror qabul qilgan.

Referendumga ikkita masala ovozga qo‘yilgan. Birinchisi: «Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?»; ikkinchisi: «Siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini 5 yildan 7 yillik qilib o‘zgartirishga rozimisiz?». Referendumda 13,26 mln saylovchining 91,58 foizi qatnashgan; ikki palatali parlament uchun saylovda qatnashlarning 93,65 foizi, prezidentlik muddati uzaytirilishi uchun esa 91,78 foizi rozilik bildirib, ovoz bergan.

Navbatdagi referendum

2023 yil 30 aprelga tayinlangan referendumda O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun ovozga qo‘yiladi. Xabar berishlaricha, referendum byulletenida: «Siz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunini qabul qilasizmi?», deb yoziladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya emas, uning «faqat yangi tahriri» qabul qilinmoqda.

Ma’lumot uchun, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilyapti — umuman olganda, konstitutsiya 65 foizga o‘zgarmoqda. O‘zgarishlar qatoridan prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, senatorlar sonini 100 nafardan 65 nafarga kamaytirish, O‘zbekistonni ijtimoiy davlat deb e’lon qilish, mahalliy kengashlar va hokimlarning vakolatlarini bir-biridan ajratish kabilar o‘rin olgan.