Toshkentda qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi yakunlandi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

2−9 mart kunlari o‘tkazilgan musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi 9 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Xususan, musobaqaning yakuniy kunida yosh qizlar sablya va shpaga, yigitlar rapira qurolida jamoaviy davsturda kuch sinashdi.

Janglarda qizlar har ikki yo‘nalishda oltin medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, gonkonglik raqiblariga imkoniyatni boy bergan yigitlar kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlanishicha, musobaqada O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 3 ta oltin va 1 ta bronza medali bilan Koreyadan so‘ng ikkinchi, yoshlar toifasida esa Yaponiya va Koreyani ortda qoldirib, 6 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.