Andijon shahrida noqonuniy ravishda elektr energiyasidan foydalanib mayning firma tashkil qilgan shaxsga 900 million so‘m jarima tayinlandi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati.

Viloyat IIB Kiberxavfsizlik bo‘limi va DXX Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari Andijon shahrida istiqomat qiluvchi 1994 yilda tug‘ilgan Q.B. noqonuniy ravishda yashash xonadonida 21 ta faol mayning qurilmadan foydalanib ferma tashkil qilgani aniqlangan.

Mayning ferma faoliyati uchun hech qanday ruxsatnoma va hujjatlarsiz elektr energiyasidan foydalanib kelgani hamda ushbu xonadon egalari elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan hisoblagichlarsiz ulanib olgani ma’lum bo‘lgan.

Fuqaro Q.B.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish) bilan 900 million so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident ishtirokidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda gaz va elektr sohasida o‘g‘irlik darajasi juda yuqori ekani aytilgandi. Shavkat Mirziyoyev energetika nazorati bo‘yicha ikki yil «favqulodda tartibda» ishlash vazifasini qo‘ygandi.

Keyinroq Senat energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi qonunni ma’qullagandi. Qonun bilan ulardan tijorat maqsadlarida qonunga zid ravishda foydalanish o‘g‘rilik deb baholanmoqda.